Alisher Usmonov boyligini kimlarga meros qilib qoldiradi?

Kelib chiqishi oʻzbekistonlik boʻlgan milliarder Alisher Usmonov Financial Times nashriga intervyu berdi, deb yozmoqda “Spot”. Jurnalning Lunch with the FT ruknida jurnalistlar biznesmenlar va top-menejerlar bilan restoranda birga tushlik qilib, suhbat quradi.

Foto: Forbes

Alisher Usmonov bilan FT Moskva byurosi bosh muharriri Genri Foy Bavariya Alplaridagi Tegernzee koʻli boʻyidagi mehmonxonada uchrashib suhbat qurgan.

Intervyu soʻnggi daqiqada amalga oshmay qolishi ham mumkin edi. Usmonov kun ogʻir oʻtganini bildirgan:

“Rostini aytsam, hayotim haqida koʻproq narsa bilishni istasangiz, ikkimiz ikki shisha aroq ichishimizga toʻgʻri keladi”, deya jurnalistni shoshirib qoʻygan.

Shunga qaramay intervyu amalga oshdi. Suhbat bavariyalik anʼanaviy kiyingan ofitsiantlar xizmat qiladigan, klassik interyerga ega besh yulduzli mehmonxonada oʻtdi, deya qayd etgan Foy.

Bavariya anʼanaviy taomlari tanovul qilingan va Usmonovning tarjimoni ham birga ular bilan oʻtirgan tushlik 288 yevroga aylangan. Ushbu toʻlovning chorak qismidan koʻprogʻi (62 yevro) aroq uchun sarflangan.

“Aroqsiz ham suhbat qurib boʻladimi?”, degan Usmonov. Foyning yozishicha, milliarder “doʻstlik”, “tanlov mustaqilligi”, “sport, doʻstlar va bebaho ayollar” uchun qadah koʻtargan. Quyida intervyudan parchalar keltiramiz.

Oligarxiya haqida

Alisher Usmonov hech qachon oʻzini “oligarx” deb hisoblamagani, ixtiyoridagi boyliklar uchun davlatga qarzdor emasligi, oʻz aktivlarini bozordan xarid qilganini taʼkidladi.

“Men va mening hamkorlarim Rossiyadagi barcha aktivlarni ikkilamchi bozordan xarid qilganmiz va davlat mulkini oʻzlashtirmaganmiz. Bizga hech kim hech qachon tekinga koʻchmas mulk bermagan”, deydi u.

Milliarder davlatning oʻziga koʻp marta yordam qilganini ham tan oldi.

“Katta biznes, katta sanoat aktivlarini boshqarish bilan shugʻullanishni boshlaganimdan beri hukumat, davlat menga koʻp jabhada foyda keltirib, bizga koʻmak bergan”, — deya taʼkidlagan Usmonov.

Sanksiyalar haqida

Alisher Usmonov amerikalik ayrim senatorlar talab qilayotgan AQSh sanksiyalari ostiga tushib qolishi mumkinligidan qoʻrqish yoki qoʻrqmasligi toʻgʻrisida berilgan savolga bu kabi tahdidlardan aslo choʻchimasligi, sababi hayotda bundan-da jiddiy muammolarga duch kelganini aytib javob qaytardi.

“Men sanksiyalarga munosib emasman, shu sababli ular qoʻllanilsa menga ogʻir boʻladi. Men bu kabi siyosiy masalalarga aralashmayman”, degan milliarder.

2014-yilda Qrimning Rossiyaga qoʻshib olinishi oqibatida Usmonov USM xoldingidagi ulushini 58 foizdan 48 ga tushirgan va kompaniyaga oʻziga nisbatan sanksiyalar qoʻllanilganida zarar yetmasligini taʼminlashga uringan.

Alisher Usmonovning fikricha, siyosiy va harbiy vositalarni biznesga aralashtirish notoʻgʻri qaror boʻladi.

“Rossiya – katta mamlakat, dunyo yetakchilaridan biri. Ushbu davlat jahonda oʻz obroʻsi uchun kurashishi lozim. Hamkorlik buni qanchalik erta tushunsa, bu borada kelishuvga erishish shuncha oson boʻladi. Millionlab odamlar men kabi fikrlaydi deb oʻylayman”, — deydi u.

Facebookʼga tikkan investitsiyalari haqida

Alisher Usmonov Facebookʼga dastlabki bosqichlarda investitsiya kiritgan sarmoyadorlardan biri.

“Men ushbu kompaniyaning bir kun kelib dunyoning oyogʻini osmondan qilib yuborishini bilardim”, — degan biznesmen.

Uning soʻzlariga koʻra, u hamkori Yuriy Milnyer bilan birga kompaniyaga toʻgʻridan toʻgʻri 460 million va fond orqali yana 420 million dollar tikkan va Facebookʼning 8 foiz aksiyasini nazorat ham qilgan. Investitsiyalar Usmonovga besh baravar koʻpaygan holda qaytgan.

Merosi haqida

Milliarder oʻz boyliklarini qarindoshlari va kompaniyasini boshqarayotganlarga boʻlib bermoqda.

“Hayot abadiy emas. Koʻp odamlar menga yordam bergan. Shu sababli oʻz oilam va menejerlarimga ulushlarimni meros qoldirib ularga yordam bermoqchiman”.

Milliarderning soʻzlariga koʻra u boyligining 50 foizini oilasiga, qolgan yarmini esa bunga munosib boʻlgan menejerlariga qoldiradi.

“Ayni vaqt kompaniyalarimda yuqori lavozimni egallab oʻtirgan inson oʻziga munosib ulushni oladi. Feʼlim shunaqa. Taqdir bergan neʼmatlar bilan boʻlishish zarur”, — deydi tadbirkor.

Oʻzbekiston haqida

Usmonov Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasiga koʻmak berish maqsadida mamlakatdagi notijorat loyihalarga millionlab dollar mablagʻ ajratganini bildirgan.

Shuningdek, suhbat davomida 2017-yilda Mirziyoyev Nyu-Yorkga uchgan Usmonovning shaxsiy samolyoti bozor narxida ijaraga olinganini tasdiqlagan.