Bugun O‘zbekistonning 25 ta okrugida Oliy Majlisga takroriy saylovlar bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar uchun takroriy ovoz berish bugun, 5-yanvar, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston parlament saylovlarini yoritish bo‘yicha Xalqaro matbuot markazi eslatdi.

Foto: Korrespondent.uz

22-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov yakunlariga ko‘ra, 22 ta saylov okrugida birorta ham nomzod berilgan ovozlarning yarmidan ko‘pini to‘play olmagan, uchta saylov okrugida esa saylov natijalarini aniqlashda arifmetik xatoga yo‘l qo‘yilgani bois eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod ikkinchi turga qolgan edi.

Markaziy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha 25 ta saylov okrugida saylovchilar ovoz berish uchun kelishlari kutilmoqda. Takroriy ovoz berish bo‘lib o‘tadigan okruglar ro‘yxati va deputatlikka nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Markaziy saylov komissiyasining veb-saytida e’lon qilingan.

Saylov kodeksining 59-moddasiga binoan, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida saylov okrugi bo‘yicha ikki nafardan ortiq nomzod qo‘yilgan bo‘lsa-yu, ulardan hech biri saylanmasa, okrug saylov komissiyasi eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo‘yicha okrugda takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

Takroriy saylov kuni xalqaro matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov, bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Oliy sud raisi Kozimjon Komilov ishtirokida anjumanlar tashkil etilishi kutilmoqda.