O‘zbekistonlik akrobatlar Amsterdamda 10 metr balandlikdan qulab tushdi

Oʻzbekistonlik havo gimnastikachilari Kristina Vorobyova va Rustem Osmanov 3 yanvar kuni Karre Amsterdam teatridagi chiqishi paytida oʻn metr balandlikdan qulab tushishdi. Fojia Rustem Osmanov Kristina Vorobyovani bir qoʻli bilan ushlab turgan vaqtda ikkinchi qoʻli kuchini yoʻqotishi natijasida roʻy berdi, deb xabar berdi “MIR” telekanali.

Foto: MbS News

Juftlik deyarli bir vaqtning oʻzida tushib ketdi: Vorobyova orqa tomoni bilan yiqilib, harakatsiz qoldi. Tomoshabinlar avvaliga voqeani chiqishning bir qismi sifatida qabul qilishdi, ammo koʻp oʻtmay, boshlovchi hammadan zalni tark etishini soʻradi. Hozir akrobatlar kasalxonada, ularning ahvoli ogʻir deb baholanmoqda.

Kristina Vorobyova va Rustem Osmanov Sky Angels duetida koʻplab sovrinlarni, shu jumladan sirk “Oskar“i deb ataladigan mazkur sanoatning eng oliy “Oltin masxaraboz” mukofotiga sazovor boʻlishgan. Ular tishlarga osilgan holatda bajariladigan eng murakkab tryuklarni himoya toʻrisiz bajaradigan Oʻzbekistondagi yagona sirk artistlaridir.

“Biz oʻz chiqishimizni 5 yil oldin oʻylab topganmiz va uni hamon takomillashtirishga harakat qilmoqdamiz”, degan edi Kristina Vorobyova 2017-yilda “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida. — Biz tish bilan chiqish qiladigan Oʻzbekistondagi yagona havo gimnastikachilarimiz. Sirkda artist oʻz tomoshabinlarini hayratda qoldirishi va zavqlantirishi kerak, deb hisoblaymiz”.