Jasurbek Ibrohimovning o‘limidan so‘ng Borovskiy kolleji rahbariyati ishdan olindi

Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kolleji direktori va uning ikki o‘rinbosari o‘z lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda, Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘iga asoslanib, UzNews xabar bermoqda.

Foto: UzNews

O‘z vazifasidan ozod qilingan Lutfi Yusupova Borovskiy kollejiga 2008-yildan beri direktorlik qilib kelayotgan edi. Undan tashqari, direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha muovini Hilola Bo‘rixo‘jayeva va ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Vezira Hasanova bo‘shatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1-iyun kuni Borovskiy nomidagi kollej 2-kurs o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimov og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etdi. Xabarlarga ko‘ra, u 3-may kuni bo‘lgan mushtlashuvda og‘ir jarohat olgan.

Hodisa yuzasidan kollejning 2-kurs o‘quvchisi Islombek To‘laganov qamoqqa olingan, tergov ishlari O‘zbekiston bosh prokurori Ixtiyor Abdullayev tomonidan shaxsan nazoratga olingan.