O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida «O‘tkan kunlar» romanining inglizcha nashri taqdim qilindi

27-dekabrda Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasida buyuk oʻzbek adibi Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanining ingliz tilidagi “Bygone days” deb nomlangan nashri taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Foto: UzDaily.uz

Mashhur asarni amerikalik olim, AQSh Harbiy-dengiz akademiyasi mintaqaviy tadqiqotlar markazining sobiq direktori Mark Riz tarjima qilgan. U Tinchlik korpusining Oʻzbekistondagi birinchi koʻngillilaridan biri hisoblanadi.

Riz romanning tarjimasi ustida 15 yildan koʻproq ish olib borgan. Oʻzbekiston elchixonasi, AQShdagi oʻzbeklar hamda oʻzbekistonlik mutaxassislar koʻmagida kitobning chop etilishi jarayoni ancha jadallashib, kitob sotuvga chiqarildi va “5 yulduzli” reytingga ega.

660 sahifadan iborat kitobda Abdulla Qodiriy tomonidan asarni yozishda qoʻllangan atamalarga va oʻzbek xalqi madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarining oʻziga xos jihatlarini tushuntiruvchi 400 dan koʻproq izoh berilgan.

Oʻzbekistonning AQShdali elchisi Javlon Vahobov taqdimotni ochish vaqtida Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan buyuk ajdodlarimizning xotirasini abadiylashtirish, Oʻzbekistonda oʻzbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligini keng nishonlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berib oʻtgan.

Oʻz navbatida asar tarjimoni Mark Riz Oʻzbekistonda oʻtkazgan yillari haqidagi iliq taassurotlari bilan boʻlishgan va yigʻilganlarni “Oʻzbekistonga bir bor boʻlsa ham safar uyushtirib, uning boy tarixiy merosi, betakror arxitekturasi va olijanob insonlariga guvoh boʻlishga” chaqirgan.

Oʻzbekiston elchixonasida maʼlum qilinishicha, kitobning inglizcha nashri nusxalari AQSh davlat xizmatchilari, diplomatik korpus vakillari, AQShning yetakchi oliy taʼlim muassasalari orasida tarqatilgan. Roman, shuningdek, AQShning eng katta kutubxonasi – Kongress kutubxonasida roʻyxatga olingan.

Taqdimot natijalariga koʻra Mark Riz bilan 2020-yil bahorda Oʻzbekistonda “Bygone days” kitobi taqdimotini oʻtkazish va adibning yana bir romani – “Mehrobdan chayon”ni tarjima qilish loyihasini muhokama qilishga kelishib olingan.