Bryus Lining qizi Xitoydagi fastfud tarmog‘idan logotipida otasining rasmidan foydalangani uchun 30 mln dollar talab qildi

Marhum aktyor va kung-fu ustasi Bryus Lining qizi Xitoydagi Real Kungfu fastfud tarmog‘ini otasining suratidan noqonuniy foydalangani uchun sudga berdi, deb xabar berdi BBC.

Shennon Lining da’vo arizasi aktyorning suratlari huquqiga egalik qiluvchi Bruce Lee Enterprises kompaniyasi tomonidan berilgan.

Da’vogar logotipida Bryus Lining suratidan foydalangan fastfud tarmog‘idan 30 million dollar miqdorida tovon puli talab qilmoqda.

Real kungfu logotipida sariq futbolkadagi kung-fu ustasi aks ettirilgan. Tarmoq vakillari ushbu tovar belgisini 15 yildan buyon ishlatayotganini ma’lum qilgan.

Real Kungfu fastfud tarmog‘i 1990-yildan beri faoliyat yuritadi hamda butun Xitoy bo‘ylab 600 ga yaqin filialga ega.