Bahodir Jalolov “Yilning eng yaxshi erkak sportchisi” deb topildi

Bahodir Jalolov “Oʻzbekistonda “Yilning eng yaxshi erkak sportchisi” deb tan olindi. Bu haqda Oʻzbekiston boks federatsiyasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: UzA

Ogʻir vaznli, professional-bokschisi Bahodir Jalolov – 2016 yil Olimpiya oʻyinlari yarim finaliga chiqqan, ikki karra Osiyo chempioni boʻlgan, 2015 yilda jahon chempionatida bronza medalini qoʻlga kiritgan.

Jalolov professional ringda oʻtkazgan barcha janglarini nokaut bilan yakunlagan.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 6-22 sentyabr kunlari Yekaterinburgda oʻtkazilgan boks boʻyicha jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi sardori Bahodir Jalolov chempionatning “Eng yaxshi bokschisi” deb topildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning sentyabr oyida Bahodir Jalolovni “Oʻzbekiston iftixori” yuksak unvoni bilan mukofotlagan edi.