«Sardor» filmining 4-fasli suratga olinadi

Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”

Foto: Youtube

2019-yil 13-dekabrdagi farmoyishi asosida Oʻzbekiston boʻylab “Vatanparvarlik — milliy yuksalish kafolati!” shiori ostida 2019-yil 15-dekabrdan 2020-yil 15-yanvargacha boʻlgan davrda Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy tadbirlar oʻtkazilishi boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlumot berildi.

Farmoyish bilan tasdiqlangan tadbirlar dasturi 5 ta boʻlim, 67 banddan iborat boʻlib, tashkiliy, axborot-tashviqot yoʻnalishidagi, aholi oʻrtasida olib boriladigan harbiy-vatanparvarlik va maʼnaviy-axloqiy tadbirlar, targʻibot-tushuntirish ishlari, madaniy-maʼrifiy va sport yoʻnalishidagi hamda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni oʻz ichiga qamrab olgan.

Dasturda yoshlar oʻrtasida harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi insho, surat, sheʼr va amaliy sanʼat tanlovlari, ijodiy tanlovlar va sport musobaqalari, jumladan “Men albatta harbiy boʻlaman!” tanlovi, “Men ham Vatanimga xizmat qilaman!” mavzusidagi estafetalar, harbiy orkestr va badiiy havaskorlik guruhlarining konsert dasturlari va chiqishlari, shuningdek harbiy texnika va qurol-aslahalarning modernizatsiya qilingan namunalari namoyish etiladigan “Techno Discovery” festivallari va boshqa koʻplab tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur Farmoyishda vazirlik, idora va tashkilotlarning 31 nafar rahbarlari va masʼul shaxslaridan iborat ishchi guruhga harbiy-maʼmuriy sektorlar bilan hamkorlikda mamlakatimizning har bir fuqarosiga Vatan himoyachilari kuni bayramining ahamiyati, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishda, ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining oʻrni va ahamiyatini tushuntirish, shuningdek mazkur tadbirlarda fan, madaniyat va sanʼat arboblari hamda sportchilar, keng jamoatchilik vakillari, harbiy xizmatchilar va faxriylarning oʻtkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etishi belgilangan.

Anjuman davomida masʼul shaxslar tomonidan Vatan himoyachilari kunini munosib kutib olish va umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash maqsadida oʻtkazilayotgan bayram tadbirlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishi, tayyorlanayotgan maqolalar, tele va radiodasturlarda asosiy eʼtiborni soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlarni isloh etish va rivojlantirish mobaynida qoʻlga kiritilgan yutuqlarga, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish masalalarida amalga oshirilgan ishlarga qaratish haqida maʼlumotlar berildi.

Matbuot anjumanida Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya masʼul xodimlari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, shuningdek respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi aʼzosi Shavkat Mahmudov shu paytgacha uch fasli suratga olinib, efirga uzatilgan “Sardor” filmining toʻrtinchi faslini suratga olish boʻyicha vazirlik rahbariyatiga taklif berilganini maʼlum qildi.