Yandex Xaritalarda Oʻzbekiston manzaralari paydo boʻldi

2019-yilning 13-dekabridan Yandex xaritalariga Oʻzbekiston manzaralarining yangi koʻrinishi joylashtirildi. Maxsus uskuna vositasida Toshkent, Buxoro, Nukus, Samarqand, Xiva va Shahrisabz koʻchalari va diqqatga sazovor joylari, shuningdek, Ustyurt platosi, Orol boʻyidagi tuzli botqoq va Amudaryo sohilidagi qadimiy aholi punktlarini tasvirga olindi. Endilikda ushbu manzaralar bilan Yandex xaritalarida tanishish mumkin.

Foto: Tashkent.uz

Tasvirlar mahalliy aholiga notanish hududga sayohatni rejalashtirishda, turistlarga esa sayohatga yanada yaxshiroq tayyorgarlik koʻrishga yordam beradi. Suratlar vositasida transport harakati uchun noqulay manzilgohlarni aniqlash, diqqatga sazovor joylarning qanday koʻrinishini oldindan bilib olish mumkin. Masalan, Samarqanddagi Goʻr-Amir maqbarasi, Buxorodagi Ark qalʼasi yoki Qadimiy Xivadagi karvon-saroylarni avval koʻrmagan kishi xaritadagi tasvirlar orqali birlamchi tushunchaga ega boʻladi.

Foto: Tashkent.uz

“Biz tasvirga olish ishlarini oktyabr oyining oʻrtalaridan noyabr oyining boshlariga qadar amalga oshirdik. Bu vaqtda jazirama issiq ham boʻlmaydi, yorugʻlik ham kuzga xos yumshoq boʻldi“, – deydi Yandexning Oʻzbekiston boʻyicha mintaqaviy direktori Yevgeniy Lukyanchikov. Suratga olish jarayoniga oldidan jiddiy tayyorgarlik koʻrildi. Oʻzbekiston qadimiy obidalar va betakror tabiiy landshaftlarga boydir va biz tasvirlarda iloji boricha koʻproq diqqatga sazovor joylarning qamrab olinishini xohlardik. Marshrutni tuzish va sayohatni tashkillashtirishda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Turizm davlat qoʻmitasi yordam berishdi. Ularga bu yoʻnalishdagi hamkorlik uchun minnatdorlik bildiramiz.

“Yandex xaritalari – Oʻzbekiston shaharlarining koʻcha panoramalarini namoyish etgan eng yirik geografik axborot xizmatlaridan biri“, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchi Ibrohim Barnoyev. Suratlarda mamlakatning diqqatga sazovor joylarini, jumladan, YuNESKOning Jahon merosi roʻyxatidagi obyektlarini koʻrish mumkin. Ichan Qalʼa, Shahrisabzning tarixiy markazi. Dunyoning istalgan burchagidan koʻra olish mumkin boʻlgan bu tasvirlar Oʻzbekistonga sayohat qilishni rejalashtirganlar uchun katta yordam beradi.”

Foto: Tashkent.uz

Yandex suratga olish guruhi Oʻzbekistonga safari davomida deyarli 295 ming fotosurat oldi, ulardan esa 73 mingdan ortiq panoramalar hosil boʻldi. Suratga olishning umumiy masofasi ikki ming kilometrdan oshadi. Avtomobilda harakatlanishning iloji boʻlmagan joylarda operatorlar kamerani shtativga oʻrnatib, piyoda yurishdi. Shu tarzda, misol uchun, Nukus shahridagi I.V.Savitskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyi va Toshkent shahridagi “Tashkent City“ bogʻi suratga olindi.

Yandex xaritalarida hozirgacha Rossiya, Armaniston, Belorus, Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Ukraina va Turkiyaning toʻrt milliondan ortiq panoramalari nashr qilingan. Bu shaharlar hamda atrof tabiiy muhitdagi diqqatga sazovor joylardir. Baykal koʻli, Kareliya sharsharalari, Kavkaz togʻlari, Arktika orollari va hatto sayyoraning eng baland choʻqqisi – Everest. Panoramalarni yandex.ru/maps va Yandex. Xaritalar ilovasida koʻrish mumkin. Sayt egalari API xaritalardan foydalanib, har qanday panoramani oʻzlariga yuklab olishlari mumkin.