Qozog‘iston parlamenti Boyqo‘ng‘irdagi hududlarni Rossiya ijarasidan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Qozog‘iston parlamentining Senati payshanba kungi yalpi majlisida “Boyqo‘ng‘ir” majmuasining ijarasi to‘g‘risida Rossiya bilan imzolangan shartnomaga o‘zgartish kiritishni ma’qulladi, unga ko‘ra maydoni 11,6 ming gektar keladigan to‘rtta yer uchastkasi Rossiya ijarasidan chiqarilishi ko‘zda tutiladi.

Foto: Google

“Umumiy maydoni 1740 gektar bo‘lgan ikkita uchastka Karmakshi tumanidagi Toretam qishlog‘ini kengaytirish maqsadida beriladi, umumiy maydoni 9 950 gektar bo‘lgan yana ikkita uchastka esa Gʻarbiy Yevropa – Gʻarbiy Xitoy xalqaro tranzit yo‘lagi, Olmata – Moskva temir yo‘li va Beyneu –Chimkent gaz quvurining bir qismi qurilishi uchun foydalaniladi,”dedi Qishloq xo‘jalik vazirining o‘rinbosari Aydarbek Saparov.

Saparovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Qozog‘istondan umumiy maydoni 650 ming gektar yerni ijaraga olgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, 11,6 ming gektar maydonning chiqarilishi ijara narxiga ta’sir o‘tkazmaydi.

Rossiya 1994 yildan boshlab yiliga 115 million dollar to‘lash evaziga Boyqo‘ng‘ir shahri va kosmodromdan iborat “Boyqo‘ng‘ir” majmuasini ijaraga olgan. Ijara muddati 2050 yilda tugaydi.

“Qozog‘iston va Rossiya hukumati o‘rtasida “Boyqo‘ng‘ir” majmuasi ijarasi to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi protokolning ratifikasiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi parlament tomonidan ma’qullandi va imzolash uchun prezidentga yuborildi.