“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari: O‘zini hurmat qilgan odam 50 dollar tejash uchun 50 daraja sovuqda avtobusda xorijga ketmaydi

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Uzreport telekanalining “Tribuna” ko‘rsatuvida yangi ish o‘rinlari yaratish va xorijdagi mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirish haqidagi savollarga javob qaytardi.

“O‘zbekiston mehnat resurslarini yaqin 20 yil ichida to‘liq ta’minlay olmaydi. Bu haqda ochiqchasiga gapirish kerak. Dunyoda mehnat resurslari ish o‘rinlaridan ko‘proq mamlakatlar bor. O‘zbekiston ham shunday davlatlardan biri. Ishga munosabatni o‘zgartirishimiz zarur. Mehnat resurslarini eksport qilish kerak. Qo‘shni mamlakatlardan qanday mehnat resurslariga talab kuchli ekanini o‘rganib, mehnat muhojirlarini o‘qitish va u yerga joylashtirish lozim. Ularni ish bilan ta’minlash bilan bir qatorda huquqlarini ham himoya qilish haqida ham o‘ylash kerak.

Parlament ushbu ishlarga jalb qilinishi lozim. Parlamentlararo uchrashuvlarda ushbu mamlakatlarda hayot kechirayotgan fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish masalalari muhokama qilinishi zarur.

Qayd etish zarur bo‘lgan yana bir jihat, odamlarni o‘zini hurmat qilishga o‘rgatish. O‘zini hurmat qilgan odam til biladigan davlatda ish qidiradi. Bunday odam 50 dollar tejash uchun havo harorati 50 daraja sovuq bo‘lgan vaqtda yonib ketishi mumkin bo‘lgan avtobusga chiqmaydi”, – deydi Alisher Qodirov.