“O‘sha paytda kallam ketishini poylashganmidi?”. Yulduz Usmonova Gulnora Karimova va “Gulisan” qo‘shig‘i atrofidagi gap-so‘zlarga munosabat bildirdi (video)

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yulduz Usmonova “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Yulduz Usmonova o‘zining Instagram sahifasiga Gulnora Karimovani qo‘llab-quvvatlayotgan va unga ozodlik so‘rayotgan xonandalarni tanqid qilgan videosini joylagandan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda bir vaqtlar “Gulisan” qo‘shig‘ini kuylab, bugungi kunda boshqacha munosabat bildirayotgani keskin qoralangan edi.

Yulduz Usmonova suhbat davomida Gulnora Karimova haqida kuylagan “Gulisan” qo‘shig‘i buyurtma bo‘lgani, o‘sha vaqtlarda boshidan nimalar o‘tgani haqida gapirib berdi.

‘Gulisan’ qo‘shig‘ini buyurtma qilingan qo‘shiq deganman. Mayli, meni yolg‘onchiga chiqaringlar, lekin, mening musiqachilarim hali o‘lgani yo‘q, o‘shandan keyin Amerikaga ketib qolganlari bor, bu yerda ishlayotganlari bor, bemalol so‘rab ko‘rishingiz mumkin. Zokir akani ‘Afg‘on’ studiyasida yozganmiz. Qanday bo‘lganini ana o‘shalardan so‘rasangiz aytishadi. Buyurtma qilingan qo‘shiq edi. Ijro etish majburiyatimiz bor edi. Men o‘sha paytda bir narsa deyishim mumkin edimi, bu yerda qizim, nevaralarim bor edi. Nima ham deya olardim. Keyin yurtdan chiqarib yuborishgan, hamma narsamni tashlab ketdim. Kim turib bera oldi? Vallomati ham o‘sha paytlarda indamay o‘tirdi-ku. Nega faqat meni gapiraverishadi? O‘sha paytda kallam ketishini poylashganmidi? Nima qilishim kerak edi?!

‘Asrlar sadosi’ da qo‘shiqni yozasan deyishdi. Yo‘q, yozmayman dedim. Keyin xo‘jayinim Mansurjon orqali chiqishdi. ‘Yozsin, o‘sha yerda chiqishi kerak’, deyishdi. Biz o‘sha yerda chiqmaymiz dedim. ‘Yozasiz, chiqarkansiz’, deyishdi. Mayli deb yozdik, lekin, ‘meni aytdi deysiz chiqmaymiz’, dedim. Chiqayotgandim, sahnani oldigacha borgan edim, sahnani oldidan Shuhrat G‘ulomov kelib bitta qog‘oz ko‘rsatgan. Prezidentimiz qo‘l qo‘ygan qog‘ozda mening ismim ustidan, qizil bilan, urib, chizib qo‘yilgan ekan.

Mening nima qilishga haqqim bor edi. O‘lmay qolganimga Xudoga shukr. Men nimalarni yashab o‘tmadim. Hammaga gapirish oson. Oson tutganni boshiga solsin, boshiga solsinda ko‘rsin.  Gulnoradan alamim yo‘q, uning mard taraflari ham bor edi. O‘zi yesa ham birovga yedirmas edi, o‘zi chaqsa ham birovga chaqdirmas edi. Shu odatlari bor edi, qo‘ldan kelganicha. Lekin, davlat byudjetini o‘marib qo‘yishdi-da… Men u haqda gapirgan bo‘lsam, bilganimni gapirdim. Uni haqorot qilganim yo‘q. Xalqni pulini qaytarib ber, bola-chaqang bilan bemalol yasha.

Yulduz Usmonova, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti