2019-yil dunyo jurnalistlari uchun qanday kechdi?

Jurnalistika dunyodagi eng xavfli kasblardan biri sifatida qolmoqda. Ayniqsa, avtoritar davlatlarda jurnalistlar faoliyatining xavflilik darajasi keskin ortgan.

Foto: Google Images

Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasining (CPJ) navbatdagi yillik hisobotida dunyo boʻylab qamoqda oʻtirgan jurnalistlar soni 250 nafar ekanligi qayd qilinadi.

Mahkumlar ichida oʻzbekistonlik jurnalistlar yoʻq. Ammo ruhiy kasallar shifoxonasida saqlanayotgan bloger Nafosat Olloshukurova hibsdagilar qatorida qayd qilingan.

Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi mazkur hisobotida asosan jurnalistlarni qamash boʻyicha yetakchilik qilayotgan davlatlardagi vaziyatga toʻxtaladi.

Sharmandali yetakchilar sifatida taqdim qilingan davlatlar safida nisbiy oʻzgarishlar kuzatilgan. Bir necha yildirki bu roʻyxatda “yetakchilik” qilayotgan Turkiyaning oʻrnini bu yil Xitoy egallagan.

Xitoy va Turkiyadan keyingi oʻrinlarda Saudiya Arabistoni, Misr, Eritreya, Vyetnam va Eron turadi. Ayni paytda qamoqda qolayotgan 250 nafar jurnalistlarning asosiy qismi shu davlatlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Turkiyada oʻtgan yil 68 nafar jurnalist qamoqdaligi qayd qilingan boʻlsa, bu yil bu koʻrsatkich 47 kishini tashkil etgan.

Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi buning sababini Rajab Toyyib Erdogʻan hukumatida jurnalistlarga, matbuotga nisbatan ijobiy qarashlar kuzatilayotganida emas, balki soʻnggi yillar davomida Turkiyada 100 ga yaqin axborot nashrlari faoliyati toʻxtatilgani, ularga nisbatan terrorizm, ekstremizmga doir turli ayblovlar ilgari surilganida koʻradi. Buning natijasida oʻnlab jurnalistlar ayblovlar bilan toʻqnash kelgan, mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan.

Qamoqdagi jurnalistlar soni boʻyicha yetakchi oʻringa koʻtarilgan Xitoydagi vaziyat tahliliga koʻra, mamlakatda turli ayblovlar bilan qamoqqa tashlanayotgan jurnalistlar soni muntazam oʻsib bormoqda. Oʻtgan yil qamoqdagi jurnalistlar soni 47 kishini tashkil qilgan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich 48 kishiga yetgan. Soʻnggi holat shu yil oktabr oyida Gonkongdagi gʻalayonlar haqida yozgan bloggerning hibs qilinishi bilan kuzatilgan. Bloger Xuan Syuetsin ijtimoiy norozilik keltirib chiqarishga qaratilgan chiqishlarda ayblangan.

Uygʻurlar va boshqa musulmon xalqlarni mamlakatdagi jazo lagerlariga joylashtirish tajribasi keng ommalashgani ham Xitoyda qamoqqa tashlanayotgan jurnalistlar soni koʻpayib borishiga xizmat qilgan. Qamoqdagi jurnalistlar orasida uygʻur faollari, Xitoydagi “Qoshgʻar” nashriyotining bir necha xodimlari ham bor.

27 nafar jurnalist qamoqda ushlab turilgan Saudiya Arabistonidagi vaziyat OAV xodimlari ustidan yopiq jarayonlar oʻtkazilgani, ularga nisbatan qiynoqlar qoʻllangani ehtimoli bilan ancha xavotirli baholanadi. Ayniqsa, jurnalist Jamol Qoshiqchining oʻldirilishi bevosita Saudiya Arabistoni hukumati ishtirokida amalga oshgani maʼlum bolishi ortidan bu mamlakatda mustaqil jurnalist boʻlish oʻta xavfli koʻriladi.

Misrdagi matbuot erkinligi bilan bogʻliq vaziyat ham achinarli. 26 jurnalist qamoqda saqlanayotgan bu mamlakatdagi vaziyat ham hukumatga nisbatan noroziliklar boshlanishi ortidan taʼqib kuchayganini koʻrsatadi.

10 dan oshiq jurnalist qamoqqa tashlangan Erondagi vaziyat ham shunga yaqin. Hukumatga nisbatan noroziliklar, mamlakatning tashqi dunyo bilan aloqalarni uzish harakatlari jurnalistlarga tazyiqlar oshirilishi bilan kuzatilgan.

Tashkilot Rossiyadagi vaziyatni ham xavotirli baholaydi. Ayniqsa, Qrim bilan bogʻliq masalada. Rossiya tasarrufiga qarshi boʻlgan qrim-tatarlar bilan bogʻliq vaziyatni yoritgan bir nechta jurnalistlar qamoqda saqlanmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozogʻistonda 2019-yilda bir nechta jurnalistlarga qarshi turli ayblovlar ilgari surilgani kuzatilgan. Mamlakatda oʻtgan norozilik aksiyalari davomida jurnalistlar ham tazyiqqa olingan.

Qoʻshni Tojikiston erkin matbuotga, xususan, “RFE/RL” radiosining tojik xizmatiga qoʻygan toʻsiqlari, jurnalistlarga akkreditatsiya berishni rad etgani, mustaqil jurnalistlarga nisbatan tazyiqlarni toʻxtatmagani bilan tilga olinadi.

Turkmanistonda matbuotga doir vaziyat oʻta ayanchli. Mamlakat ayovsiz senzura joriy qilingan davlatlar oʻntaligidan joy olgan. Ammo bu mamlakatda 2019-yil davomida biror jurnalist qamoqqa tashlangani kuzatilmagan.

Qirgʻizistondagi vaziyatga toʻxtalgan Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi 2010-yilda hibsga olingan jurnalist Azimjon Asqarov taqdiriga diqqat qaratadi.

Asqarov zudlik bilan ozod qilinishi lozimligini, Qirgʻiziston sudining jurnalistga belgilangan bir umrlik qamoq jazosini oʻz kuchida qoldirish qarori adolatsiz ekanligini taʼkidlaydi.

Press Emblem Campaign nodavlat tashkilotining yillik hisobotiga koʻra, 2019-yil boshidan buyon dunyoning 26 mamlakatida 75 ommaviy axborot vositalarining xodimi oʻldirilgan, 2018-yilda 113 kishi vafot etgan. Bu 2006-yildan beri eʼlon qilingan jadvalning eng kam soni.

Mutaxassislarning fikriga koʻra, bunday dinamika ragʻbatlantiradi, ammo jurnalistlar xavfsizligini taʼminlash uchun hali koʻp harakatlar talab etiladi. Hisobot mualliflari koʻpchilik hibsga olingan yoki jarohatlanganini eslashadi.

2019-yilda halok boʻlgan ommaviy axborot vositalari xodimlari soni boʻyicha yetakchilar quyidagilar:

Meksika – 13 kishi;

Afgʻoniston va Pokiston – har biri 8 kishidan;

Suriya – 6 kishi;

Gonduras – 5 kishi;

Filippin – 4 kishi.

Shuningdek, Ukraina, Buyuk Britaniya, Hindiston, Braziliya, Gaiti, Indoneziyada va boshqa mamlakatlarda jurnalistlar oʻldirildi. Bor-yoʻgʻi 10 yil ichida 1 174 OAV xodimi vafot etdi.