Qirg‘iziston parlamentining sobiq deputati Ravshan Jeenbekov ushlandi

Jogʻorku Kenesh sobiq deputati Ravshan Jeenbekov ushlandi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Vesti.kg

Avvaliga uning ushlanishi borasidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda paydo boʻldi. Advokat Zamir Jooshevning xabar berishicha, Jeenbekov Qoʻy Toshdagi hodisalar tergovi doirasida soʻroqqa chaqirilgan. U va avval ushlangan sobiq prezident tarafdori Qiyas Smailov oʻzaro uchrashtirildi.

IIV uning ushlanganini tasdiqladi. Taʼkidlanishicha, sobiq deputat “garovga olish” va “ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirish” moddalari boʻyicha gumondor sifatida vaqtinchalik tergov izolyatoriga joylashtirildi.

Bundan avval Jeenbekov Almazbek Atambayevni qoʻlga olish maqsadida oʻtkazilgan maxsus amaliyot vaqtida garovga olish ishi boʻyicha besh marta guvoh sifatida IIVga soʻroqqa chaqirilgan edi. “Men barcha savollarga javob berdim va tergovni OAV orqali olingan videodalillar asosida aybsizligimga ishontirdim deb oʻylagandim. Tergovchilar taktik edilar”, – degan edi Jeenbekov 16-avgust kuni.

Jogʻorku Kenesh deputatlari 12-dekabr kuni boʻlib oʻtgan majlisda 2019-yil 7-8-avgust kunlari Qoʻy Tosh qishlogʻida yuz bergan hodisani oʻrganish boʻyicha tashkil etilgan davlat komissiyasining hisobotini tingladilar. Xulosada oʻsha voqealar uchun barcha maʼsuliyat sobiq prezident Almazbek Atambayev zimmasiga yuklatilgan. Komissiya Jogʻorku Keneshdan Almazbek Atambayev va uning tarafdorlari – deputatlar Irina Karamushkina, Asel Koduranova, Muradila Mademinov, Karamat Orozova va Anvar Artiqovlarning hatti-harakatlariga siyosiy baho berishlarini soʻradi.

Davlat komissiyasi xulosasini parlamentda muhokama qilishdan bir necha soat avval QSDPbayonot berib, 7-8-avgustdagi Qoʻy Toshdagi hodisalarni oʻrganish boʻyicha komissiya “mamlakatning amaldagi rahbariyati yoʻl qoʻygan siyosiy xato va jinoyatlarini berkitish uchun xizmat qilishi”ni maʼlum qilgan edi. Partiyaning fikricha, komissiya xulosasi “hukumat tomonidan aytib turgan holda yozilgan” va haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.

7-8-avgust kunlari Chuy viloyatining Alamudun tumanidagi Qoʻytosh qishlogʻida “sobiq prezident Almazbek Atambayevni soʻroqqa majburan olib kelish tadbiri” boʻlib oʻtdi. Hodisa oqibatida toʻqqiz kishi jarohat oldi, maxsus guruhning olti xodimi garovga olindi va Atambayevning uyida 20 soatdan ortiq ushlab turildi, MXDQ maxsus boʻlinmasining xodimi Usenbek Niyazbekov oʻq otar quroldan olgan jarohati tufayli halok boʻldi.

Bundan tashqari, 200 dan ortiq kishi jarohat oldi va yordam soʻrab shifokorlarga murojaat qildi. Ulardan biri Chuy viloyat IIBB boshligʻi Samat Qurmanqulov boshidan jiddiy yaralandi va hamon Moskvada davolanmoqda. MXDQning muvaffaqiyatsiz amaliyotidan keyin ikkinchi kuni – 8-avgustda – IIV amaliyot oʻtkazdi, buning natijasida Almazbek Atambayev va uning tarafdorlari taslim boʻldi.

7-8-avgust kunlari Qoʻy Toshda yuz bergan hodisalarni tergov qilish bilan bir vaqtning oʻzida 39 ta fakt boʻyicha sudga qadar tergov olib borilmoqda. Mazkur tergov doirasida sobiq prezident Almazbek Atambayev va uning olti nafar tarafdori hibsga olindi. Jinoiy ish ochilgan Jogʻorku Kenesh deputatlari Asel Koduranova, VaIrina Karamushkina uy qamogʻiga oʻtkazildi.