Senat yangi tahrirdagi Soliq kodeksini ma’qulladi

Oliy Majlis Senatining shanba kuni boʻlib oʻtgan 25-yalpi yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va koʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida“gi qonun maʼqullandi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: Senat Mabuot xizmati

Qonun bilan Oʻzbekiston Soliq kodeksini yangi tahrirda qabul qilish nazarda tutilmoqda. Kodeks Oʻzbekiston prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida” 2018 yil 29 iyundagi Farmonini ijro etish uchun ishlab chiqildi.

Qonun iqtisodiyotga tushadigan soliq yukini kamaytirishga, shuningdek soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimi boʻyicha soliqlar toʻlaydigan xoʻjalik yurituvchi subʼektlar oʻrtasida soliq yuki darajasidagi tafovutlarni bartaraf etishga qaratilgan. Shuningdek soliqlarni unifikatsiyalash, shuningdek oʻxshash soliq solish bazasiga ega soliqlarni birlashtirish orqali ular sonini maqbullashtirish, soliq hisobotlarini kamaytirish va soddalashtirish, operatsiya xarajatlarini kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Qonun makroiqtisodiy vaziyat barqarorligini, Davlat byudjeti va uning daromadlarini shakllantirish barqarorligini taʼminlashga, soliq qonunchiligini soddalashtirishga, soliq munosabatlariga oid normativ-huquqiy hujjatlardagi ziddiyatlar va tafovutlarni bartaraf etishga, vijdonli soliq toʻlovchilarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.

Soliq kodeksida qoʻshilgan qiymat soligʻi, foyda soligʻi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi, ijtimoiy soliq, aylanmadan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, jismoniy shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yer qaʼridan foydalanishga oid soliqqa oid normalar, shuningdek ularni hisoblash tartibi va ularni toʻlash muddatlari belgilanmoqda va ochib berilmoqda.

Nazorat qilish tartib-taomillarini soddalashtirish va soliq tekshiruvlari turlarini kamaytirish nazarda tutilmoqda. Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgarishlarga koʻra kelgusi yildan soliq turlari 13 dan 9 gacha qisqartirilmoqda. Xususan, yagona yer soligʻi, davlat boji, bojxona toʻlovlari va tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari boʻyicha qatʼiy belgilangan soliq turlari bekor qilinmoqda.

Soliq nazorati oʻtkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda, u soliq organlariga kameral, joyiga chiqqan holda tekshirish va soliq auditini vakolatli organ bilan kelishilmasdan tahlika-tahlil dasturi asosida amalga oshirish huquqini beradi. Soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchilarni 42 ta mezon asosida 3 segmentga, yaʼni, “vijdonli”, “shubhali” va “muntazam huquqbuzarlar”ga ajratgan holda ular bilan faoliyat tashkil etish yoʻlga qoʻyilmoqda.

Soliq nazorati toʻgʻrisidagi umumiy qoidalarda amalda boʻlgan soliq qarzini debitor qarzdorlik hisobidan undirish tartibidan voz kechilmoqda.

Bundan tashqari, soliqlar va yigʻimlar, shuningdek boshqa majburiyatlarni hisoblash va toʻlash masalalari boʻyicha axborot toʻplash uchun sayyor tekshiruv oʻtkazilishi belgilanmoqda. Sayyor tekshiruv yakunlari boʻyicha soliq organi mansabdor shaxslari tomonidan ular amalga oshirgan harakatlar toʻgʻrisida maʼlumotnoma tuziladi, uning nusxasi soliq toʻlovchiga beriladi. Sayyor tekshiruv oʻtkazishda soliq organlari tomonidan soliqlar va yigʻimlar hisoblanmaydi. Shu bilan birga, inson omili ishtirokisiz soliqlar toʻlanmasligi xavfi omillarini tahlil qilish natijalari asosida tanlab olingan barcha soliq toʻlovchilarga nisbatan soliq auditini oʻtkazish belgilanmoqda.

Soliq boʻyicha nizolarni sudgacha hal etish tartibi ochib berilmoqda, shuningdek soliq bilan bogʻliq huquqbuzarlik turiga qarab javobgarlik choralari belgilanmoqda. Soliq organlari javobgarligi kuchaytirilmoqda, soliq auditi natijalari boʻyicha ortiqcha undirilgan soliq summasini oʻz vaqtida qaytarish mexanizmi nazarda tutilmoqda. Shunga oʻxshash tarzda ortiqcha toʻlangan soliq summasini oʻz vaqtida qaytarish va ortiqcha undirilgan soliq summasini hisobga olish (qaytarish) mexanizmi joriy etilmoqda.

Shuningdek soliq toʻlashni taʼminlashning yangi vositalarini joriy etish, shuningdek, soliq toʻlash muddatini toʻlov asosida kollegial organlarning (komissiyalarning) ishtirokisiz kechiktirish yoki uzaytirish tartibi nazarda tutilmoqda. Bunday huquq xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga berilmoqda. Soliq solinishdan boʻyin tovlashga qarshi kurashish boʻyicha normalar, shu jumladan “bitimlarni qayta malakalash”, “soxta va qalbaki bitimlarni” bekor qilish, tovlamachilik bitimlariga chegirmalarni bermaslik boʻyicha qoidalar belgilanmoqda.

Transfert narx shakllantirishni nazorat qilish normalari, “oʻzaro bogʻliq shaxslar” va “oʻzaro bogʻliq shaxslar oʻrtasida nazorat qilinadigan bitimlar”, “nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi (NCHEK) tushunchalari joriy etilmoqda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan soliq toʻlovchi tomonidan nazorat qilinadigan chet eldagi yuridik shaxsni soliqqa tortish tartibi ochib berilmoqda.

Shu munosabat bilan ayrim tadbirkorlik subʼektlari tomonidan faoliyat amalga oshirilishi bilan bogʻliq “soliq toʻlovchilarni konsolidatsiyalashgan guruhi” (SKG) tushunchasi va ularni soliqqa tortishning xususiyatlari kiritilmoqda.

Shuningdek soliqlarni hisoblash mexanizmini va toʻlash tartibini takomillashtirish, shuningdek soliqqa tortishning barcha elementlarini aniqlashtirish va tartibga solish nazarda tutilmoqda.