Bosh prokuratura Islombek To‘laganovning kollejda o‘qishini davom ettirayotgani bo‘yicha bayonot berdi

Toshkent tibbiyot kolleji talabasi Jasurbek Ibrohimovning o‘limida aybdor deb topilib, sud qaroriga binoan ozodlikdan mahrum etilgan, keyinchalik jazo muddatini o‘tash vaqtida koloniyadagi rejimni buzmagani va mehnatga vijdonan yondashgani tufayli muddatidan ilgari ozod etilgan Islom To‘laganov ayni paytda Olmazor tumanidagi tibbiyot kollejida o‘qiyotgani haqida xabar berilgan edi. Bosh prokuratura mazkur xabar yuzasidan bayonot berdi, deb yozadi “Daryo.uz“.

Foto: “Gazeta.uz”

Ma’lum qilinishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 2017-yil 30-oktabrdagi hukmi bilan 1999-yilda tug‘ilgan, Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi To‘laganov Islombekka Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan Jinoyat kodeksining 85-moddasi asosida 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Jazo muddatining boshlanishi 2017-yil 5-iyun, uning tugash muddati 2023-yil 5-iyun etib belgilangan.

2018-yil 20-dekabrda Navoiy shahar sudining ajrimi bilan Islom To‘laganov jazo o‘tash muassasasi tomonidan keltirilgan jazoning o‘talmagan qismini yengilrog‘i bilan almashtirish haqidagi taqdimnoma asosida unga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan 4 yil 5 oy 15 kuni xuddi shu muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga ish haqining 20 fozi davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan almashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, Islom To‘laganov jazosi almashtirilganidan so‘ng 2018-yil 27-dekabrda Mirzo Ulug‘bek tumani IIO Probatsiya guruhiga ro‘yxatga qo‘yilgan.

Islom To‘laganov 2019-yil 5-yanvarda shartnoma asosida “Feruz-1 kommunalchi” XUJMShga ishga qabul qilingan, 2019-yil 1-martda ushbu XUJMSh hisobida pul mablag‘i yo‘qligi sababli u ishdan bo‘shatilgan.

U 2019-yil 13-aprelda “Navnihol kommunal” MChJ Professional boshqaruv kompaniyasiga ishga qabul qilinib, yarim stavka asosida ishchi lavozimida axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tamoqda.

Islom To‘laganov bilan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO Probatsiya guruhi katta inspektori va Toshkent shahar IIB Probatsiya bo‘limi boshlig‘i qayta jinoyat sodir etmaslik to‘g‘risida profilaktik suhbat o‘tkazgan.

Shuningdek, o‘rganish davomida Islom To‘laganovning otasi o‘g‘lining o‘qishini qayta tiklash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Kasb-hunar ta’limi markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligiga ariza bilan murojaat qilgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur tashkilotlar tomonidan ariza o‘rganilib, Islom To‘laganovning o‘qishini Borovskiy tibbiyot kollejiga qayta tiklab, Olmazor tibbiyot kollejining “Laborator diagnostika” yo‘nalishiga 2-bosqichning 2-semestridan o‘rnatilgan tartibda ko‘chirishga ruxsat berilgan. Bu haqda 2019-yil 2-aprelda Toshkent shahar kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasi Borovskiy tibbiyot kolleji va Islom To‘laganovning otasiga xat yuborgan.

Mazkur xat asosida Olmazor tibbiyot kolleji direktorining 2019-yil 5-apreldagi buyrug‘i bilan Islom To‘laganov ushbu kollejning “Laborator diagnostika” yo‘nalishiga 2-bosqich 214-guruh o‘quvchilari safiga qabul qilinib, 4-semestrdan o‘qishni davom ettirishga ruxsat berilgan.

Bosh prokuraturaning ma’lumot berishicha, jinoyat ishi bo‘yicha daliliy ashyo deb topilgan jabrlanuvchi Jasurbek Ibrohimovning oq rangli maykasi va havorang jinsi shimi jabrlanuvchi vakili N.Aliyevaga qaytarilishi, jabrlanuvchiga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan 7-sonli shahar klinik shifoxonasi, 1-sonli ShBKSI, 2-sonli ShBJKSh va RShTYIM tomonidan yuritilgan kasallik tarixi hujjatlari va boshqa tibbiy hujjatlarni jinoyat ishida qoldirilishi belgilangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2018-yil 12-yanvardagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudining 2017-yil 30-oktabrdagi Islom To‘laganovga nisbatan hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Hozir vaqtda mavjud kasallik varaqalari Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida ushbu jinoyat ishi hujjatlari bilan birga saqlanmoqda.