Oʻzbekistonda bolalar mehnatiga butunlay barham berildi…mi?

Bugungi kunda mamlakatimizda bolalar mehnatiga butunlay barham berildi. Bu haqda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva bugun 14-dekabr kuni boʻlib oʻtayotgan Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisida maʼlum qildi.

Foto: Kommersant.uz

Shu bilan birga, Senat Raisi davlatimiz rahbari rahnamoligida mamlakatimizda majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik, gender tenglikni taʼminlash, yoshlar va xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks choralar koʻrilayotgani, jumladan, saylov kodeksi asosida siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatiladigan deputatlikka nomzodlarning kamida 30 foizini ayollar tashkil etishi belgilanganiga urgʻu berdi.

Imkon qadar sodda va taʼsirchan mexanizmlarni joriy etish kerak

– Senat Raisi boshchiligidagi Gender tenglikni taʼminlash hamda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha komissiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, bu borada parlamentning masʼuliyati oshib borayotganligini anglatadi, – deydi Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva.

– Qabul qilingan yangi qonunlar, oʻtkazilgan xalqaro darajadagi tadbirlar bu boradagi ishlarimizni butunlay yangi bosqichga olib chiqdi, deyishimiz mumkin. Shunga qaramay, hali koʻplab masalalar oʻz yechimini kutmoqda. Birinchi navbatda ushbu yoʻnalishlarga oid normativ-huquqiy hujjatlardan, imkoniyatlar va kafolatlardan aholining xabardorligini taʼminlash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish lozim. Buning uchun imkon qadar sodda va taʼsirchan mexanizmlarni joriy etish talab etiladi. Shuningdek, gender tenglik, xotin-qizlar masalalari borasida parlament nazoratini kuchaytirishimiz lozim. Mutasaddi vazirlik va idoralarning masʼuliyatini oshirish, xususan belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan mansabdor shaxslarning hisobotlarini muntazam eshitib borish maqsadga muvofiq.