Mehnat vaziri: O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilgandan keyin patent to‘lovi bekor bo‘ladi

Nozim Husanov/Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisi arafasida Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasida oʻtkazilgan yigʻilishda senatorlar Oʻzbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qoʻshilgan taqdirda mehnat migrantlarining Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat qilgani uchun undiriladigan patent toʻlovining bekor boʻlish yo boʻlmasligi bilan qiziqishdi.

Qoʻmita yigʻilishida Xalqaro mehnat tashkilotining Ish bilan taʼminlash sohasidagi siyosat toʻgʻrisidagi konvensiyasi ijro etilishi yuzasidan axborot bergan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov Oʻzbekiston YeOIIga qoʻshilgan taqdirda patent toʻlovi bekor boʻlishini maʼlum qildi.

“Oʻzbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qoʻshilgandan keyin patent toʻlovi bekor boʻladi. Ittifoqqa aʼzo davlatlarning fuqarolari teng huquqli boʻlib qoladi”, dedi Nozim Husanov.