IIV ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgan “mushtumzo‘rlar”ni topdi

Kecha, 13-dekbar kuni Ichki ishlar vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali “MUSHTUMZO‘RLAR QIDIRILMOQDA” nomi bilan so‘rovnoma joylangan edi.

IIVning ma’lum qilishicha, “mushtumzo‘rlar”ning shaxsiga kechaning o‘zidayoq aniqlik kiritilgan.

Olib borilgan surishtiruvda videoda tasvirlangan holatlar 2018-yil mart oyining boshlarida Toshkent viloyati Angren shahri Ohangaron ko‘chasi, 2/5 daha qarshisida joylashgan 72-sonli avtokorxonaning orqa tomonida bo‘lib o‘tganligi ma’lum bo‘lgan. Unda 2001-yilda tug‘ilgan S.P. uch nafar tengdoshi bilan tanishlari Sh.F. va Sh.T.ni ilgari yuzaga kelgan kelishmovchilik sababli urib tepganliklari aniqlangan. Keyinchalik mazkur holat mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari hamda ikki tomonning ota-onalari ishtirokida muhokama qilingan. Hozirda kelishmovchilikka barham berilgan va holat ishtirokchilarining bir-birlariga nisbatan da’vosi yo‘q.

Fuqaro S.P. bilan suhbatlashilganda, mazkur video qaysi yo‘l bilan tarqalib ketganini bilmasligini, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirib, ushbu holat haqli e’tirozga sabab bo‘lganligi uchun kechirim so‘ragan.