Samarqandda 25 yoshli yigit uxlab yotgan joyida chavaqlab ketildi

Samarqand viloyatida 25 yoshli yigit o‘z uyida uxlab yotganida chavaqlab ketilgan. Yigitning onasi tomonidan ma’lum qilinishicha, qotillik to‘rt kishi tomonidan amalga oshirilgan, biroq tergov harakatlari yuzaki olib borilib, bir kishi javobgarlikka tortilgan. Bu haqda “Darakchi.uz” xabar berdi.

Foto: “Darakchi.uz”

Ma’lum qilinishicha, 25 yoshli Aziz Omonovning onasi Farog‘at Yo‘ldosheva ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat qilib, o‘g‘lini uxlab yotgan joyida vahshiylarcha chavaqlab tashlagan to‘rt yigitga nisbatan adolatli hukm asosida jazo berilishini so‘ragan. Ayni paytda ushbu jinoyat yuzasidan faqat bir yigitning aybdor deb topilishini adolatsizlik deya baholagan ona bo‘lib o‘tgan tergov jarayonlarining noxolis olib borilganligini isbotlovchi dalillar borligini ma’lum qilgan.

Nashr Aziz Omonov bir kishi tomonidan o‘ldirilmaganini qayd etib, bunga isbot sifatida yigitning onasi tomonidan taqdim etilgan bir qator dalillarni keltirgan.

Birinchidan, Aziz qotillik yuz bergan kuni to‘rt nafar yigit bilan janjallashgan, uyga qaytib, o‘rtog‘ining uyiga borganida esa mast yigitlar uni qidirib yurganidan xabar topgan.

Ikkinchidan, Aziz boks bilan shug‘ullangan, shuning uchun ham uning birgina zarbasidan hushidan ketgan Sh.Mamayevning bir o‘zi Azizni shu darajada vahshiylarcha o‘ldirishiga kuchi yetmaydi.

Uchinchidan, Azizning og‘irligi 75 kilogramm bo‘lib, uni Sh.Mamayevning bir o‘zi ko‘chaga olib chiqib keta olmaydi. Tergovchi Payariq tumani tibbiy ekspertizasi xulosasiga tayanib, Azizni ko‘chaga o‘zi yurib chiqqanligini bildirgan. Ammo Samarqand viloyati ekspertizasi buni umuman tasdiqlamagan. Unga ko‘ra, marhumning bo‘yniga yetkazilgan jarohat sabab, aorta tomiri yorilgan va bunday holatda odam shu zahotiyoq jon taslim qiladi. Buni esa hovlida to‘kilgan va sachragan juda ko‘p miqlordagi qon izlari ham tasdiqlaydi, deyiladi nashr xabarida.

To‘rtinchidan, marhumning jasadi yo‘lga olib chiqib qo‘yilganda kelib qolgan mashina yorug‘ida ikki nafar yigit qochib ketayotganligi ko‘ringan. Shuningdek, o‘sha tomondagi dalada ekin sug‘orayotgan Qahramon Sheraliyev ham oldidan yigitlarning yugurib o‘tayotganini ko‘rgan.

Beshinchidan, jinoyatchilar dastavval Azizni o‘ldirish uchun uning tog‘asiga qarashli hovliga borgan va u yerda turgan Azizning mashinasini ta’mir qilib bo‘lmas darajada shikastlagan. Tergov jarayonlarida marhumning mashinasi, undagi qo‘l va oyoqlar izlari bo‘yicha ekspertiza xulosasi olinmagan.

Oltinchidan, Aziz yotgan yostiq tagidan chiqqan telefon, uning ustidagi kiyimlari tergov uchun olinib, marhumning onasiga qaytarib berilmagan.

Yettinchidan, tergovga taqdim etilgan, jinoyat uchun ishlatilgan pichoq daladan topib olingani aytilgan. Ammo ekpertiza unda Azizning qoni yo‘qligini isbotlagan.

Shuningdek, tergovdagi ma’lumotlarda Aziz tungi soat 00:30 da emas, balki ko‘chaga chiqqanidan so‘ng, 02:00 da o‘lgani bildirilgan. Biroq soat 02:30 da voqea ustiga tasodifan kelib qolgan xirurg tanani ushlab, u allaqachon o‘lganini aytgan. Shuningdek, chaqirilgan tez yordam 7 daqiqa ichida voqea joyiga yetib kelgan va marhumning tanasi sovib qolgani va jasad qotib qolganidan kelib chiqib, 2 soatlar oldin o‘lgani haqida xulosa bergan.

Bundan tashqari, jinoyat joyidagi qonlarning tibbiy ekspertiza qilinishi natijasida, 4-guruh qoni ham mavjudligi isbotlangan. Azizning qoni 2-guruhga, uni o‘ldirganlikda ayblanayotgan Sh.Mamayevning qoni esa 3-guruhga mansub bo‘lgan. Tergovda bu ikki qon qo‘shilib, 4-guruh qonini keltirib chiqargani aytilgan.

Nashrning xabar berishicha, Azizning onasi qilgan murojaat O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Sud ishida marhum Aziz Omonovning onasi Farog‘at Yo‘ldosheva mazkur jinoyat ishida olib borilgan tergov jarayonlari va sud hukmidan norozi ekanligini aytib, ishni qaytadan ko‘rib chiqish uchun dastlabki instansiyaga qaytarishni, tergov ham qaytadan yuqoridagi fakt va dalillarni o‘rgangan holda olib borilishini so‘ragan.

Mazkur talab sudlov hay’ati tomonidan qisman qanoatlantirilib, jinoyat ishi yangidan apellyatsiya instatsiyasiga ko‘rish uchun yuborilishi haqida qaror qilindi.

Keyinroq Farog‘at Yo‘ldosheva jinoyat ishi yuzasidan Toshkentda qayta tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.