Tashkent City’da 12—14-dekabr kunlari pishloq va pitssa festivali bo‘lib o‘tadi

Toshkent shahridagi Tashkent City xiyobonida 12—14-dekabr kunlari pishloq va pitssa festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Xabar berilishicha, ko‘p sonli ishlab chiqaruvchilar pishloq va pitssaning turli xillarini taqdim etadi. 14-dekabr, shanba kuni esa xiyobonga tashrif buyurganlar ulkan o‘lchamdagi pitssani tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Hokimlikning ma’lum qilinishicha, festival davomida bog‘ mehmonlari musiqachilarning chiqishlaridan, bolalar musiqiy jamoalari va QVZ jamoalarining tomoshalaridan bahramand bo‘lishi mumkin.

Tadbir doirasida “kimyoviy shou”, turli tanlovlar va ko‘ngilochar aksiyalar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Yangi yil archasi oldida animatorlar bolalar uchun tomoshalar uyushtiradi.