Korrespondent mehmoni: Osmondagi bolalar! Ey, yo‘g‘e, Osmondagi otalar!

0

“Eng baxtli odam – bolalik ORZUlariga sodiq qolgan odam!…”, degandi bir donishmand. Haqiqatan, yillar o‘tsada, beg‘ubor orzulari og‘ushida o‘zligini saqlab qolgan Kattalar baxtlidirlar! Qahramonlarimiz bir paytlar orzulari osmonida parvoz qilgan BOLAlar, hozirda esa shirin farzandalarining mehribon, g‘amxo‘r OTA-ONAlari! Tanidingizmi?.. Ular hali ham sevimli, qadrli, yoshlikning g‘oyibona sirdoshlari – OSMONDAGI BOLALAR! Ey, yo‘g‘e, OSMONDAGI OTALAR! desak qo‘shilsangiz keragov!

Beixtiyor ularni filmdagi qahramonlari ismi bilan chaqirdik. Chunki film shu qadar samimiy, hayotiy chiqqanki, har bir yosh ijrochi rolni o‘ziniki qila olgan. Javohir, Xurshid, Hamdam, Baxtiyor, Lola, Nargiz… Ularni kino birlashtirgan edi. 15 yil o‘tib mana yana o‘sha qadrdon maskan “O‘zbekfilm” kinostudiyasida uchrashishdi. Yodingizda bo‘lsa, film Javohirning tushi bilan boshlanadi. Unda hamma bolalar osmonda uchishadi. Bugun esa Osmondagi otalar farzandlari bilan o‘sha qadrdon xotiralarni yodga olib, 15 yil oldinga parvoz qilishdi!

Davron G‘ulomov (Xurshid) va Aziz Sultonov (Javohir) qizaloqlari bilan.

Rixsivoy Muhammadjonov, kinodramaturg, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi: Bir kuni Zulfiqor choyxonaga taklif etdi. Suhbat asnosida, yoshlar haqida bir film qilmaymizmi, deb qoldi. Yarim soat ichida to‘rtta do‘st obrazini “to‘qib” chiqdik. Shu asnoda “Osmondagi bolalar” filmining senariysi yaraldi. “Osmondagi bolalar” Zulfiqor bilan hamkorlikdagi to‘rinchi ishimiz. Undan avval, “Sho‘rpeshonalar”, Birinchi bo‘sa”, “Abdullajon” filmlarida birga hammuallif sifatida ijod qilganmiz.
Badiiy film hayotiy bo‘lmasa, samimiy ham bo‘lmaydi. Film hayotiy bo‘lsa, tomoshabini ham ko‘p bo‘ladi. Zulfiqor bilan ishlashda shu narsaga alohida e’tibor berardik.

Zulfiqor Musoqov, kinorejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi: Bugun ikki nabiraning bobosiman. Kattasi Komila, kichigi Emina. Bolalarim va nevaralarimga uchta muhim narsani tilayman: Tinchlik, sog‘lik va dil xushligi! Hamma filmlarim farzandlarimdek gap, hammasiga umrim sarf bo‘lgan. Ularni hali hanuz sevishar ekan, biz bundan baxtlimiz!
Shu o‘rinda dilimiz tubida turgan bir savol bilan rejissyorga murojaat qildik: Zulfiqor aka, filmdagi O‘zbekiston xalq artisti Hojiakbar Nurmatov yaratgan rejissyor obrazi balki o‘zingizdan kelib chiqib yaralgandir? Bo‘lsa bordir, deya javob qiladi rejissyor.

“Yoshlarga havasim keladi… ular toza….” Hojiakbar Nurmatov zabonidan yangragan ushbu so‘zlar filmni g‘oyasi bo‘lib yangragandek, go‘yo…
“Osmondagi bolalar” o‘zbek kinosi tarixida namoyish bo‘yicha tinimsiz 9 oy ekranlardan tushmagan film sanaladi. Hatto, filmdan tushgan foydaga Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyida qo‘shimcha zal barpo etilgan ekan.

Kristina Tairova (Lola): Menimcha, “Osmondagi bolalar” filmida ishtirok etgan har bir yigit-qizning hayotida kartina katta ahamiyatga ega. Oddiy qizlar va bolalar umrida birinchi marta katta film qanday olinishini ko‘rishdi, mashhur aktyorlar bilan tanishishdi, yangi do‘stlar orttirishdi.

Men Zulfiqor Musoqov bilan Yelena Vladimirovna rahbarligi ostidagi LIK teatr studiyasida, aktyorlik mahoratining asoslarini o‘rganayotgan paytimda tanishganman. U menga bitta kartinaga aktyorlar tanlanayotganini va “O‘zbekfilm”ga o‘z fotosuratlarimni olib kelishimni aytdi. Hammasi ana shundan boshlangan.

Men uchun har bir kadr sevimli. Men mana shunday ajoyib filmda qatnashganligimdan faxrlanaman. Bunda hech qanaqasiga eng ko‘p yoqadiganini yoki eng yoqmaydiganini tanlab bo‘lmaydi. Qiziqarli paytlar juda ko‘p bo‘lgan. 9 qavatli uyning tomida suratga olinayotgan vaqtda atrof juda chiroyli bo‘lgan. Bir marta kadrning oldida oftobda kuyganman.

Men bugun birinchi navbatda Zulfiqor Musoqovni bir qancha yil avval menga ishonganliklari va “Osmondagi bolalar” filmining bir qismi bo‘lishimga ruxsat berganliklari uchun tashakkur bildirmoqchiman. Ularga bundanda yuksak ijodiy parvozlar, barcha ijodiy rejalarini amalga oshirishlarini tilab qolaman.

Hozirgi kunda mening kasbim – bu mening oilam. Men uchta ajoyib qizlarning onasiman. Katta qizimning ismi Yasmina, o‘rtanchasiniki Taxmina, eng kichiginiki Elif. Oilamda uchta chiroyli qizlarim bor. Eng kattasi va eng mas’uliyatlisi shu yili 13 ga to‘ladi. U juda ijodiy shaxs: rassomchilik va raqs bilan shug‘ullangan. Oilamizda birorta tadbir bizning kattamiz tashkillashtirgan konsertsiz o‘tmaydi. She’r va hikoyalar yozadi. Jurnalist bo‘lishni maqsad qilib qo‘ygan. Ikkkinchi qizim bu yili 9 ga to‘ladi, 2-sinfni tamomlayapti. U juda aktiv, qiziqqon va hamma bilan muloqotga kirishib ketadi. Uning do‘stlari ko‘p. Raqs bilan shug‘ullanadi, rasm chizishni, kitob o‘qishni va qo‘shiq aytishni yoqtiradi. Eng kichkinamiz deyarli 2 yoshda. U doim katta opalari orqasidan yuradi va ularga doim yordam beradi. Ular bir-biri bilan ahil va qiyin damlarda bir-biriga ko‘maklashadi. Ular mening g‘ururim.
Men bolaning oldida faqat onalik yoki otalik mas’uliyati bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Ota-onalik mas’uliyati bo‘ladi. Aynan ota-ona bolaga bo‘lgan tarbiyasi va o‘z misoli orqali bolaning shaxs sifatida shakllanishiga yordam beradi, bola kelajagining poydevorini yaratadi. Ota-ona kattalarga bo‘lgan hurmat va Vatanga bo‘lgan muhabbatni tushuntiradi. Ota-onalik mas’uliyati mana shunda.

Bugunning yoshlari bizning yoshlik paytimizdan katta farq qilmaydi. Balki oradan unchalik ko‘p vaqt o‘tamaganligi sabab bo‘lsa kerak. Faqat turli gadjetlar paydo bo‘lib, ming afsuslarki, jonli muloqotning kamayib ketayotganligida farq qiladi. Ko‘p narsa bola bilan muloqotni birinchi o‘ringa qo‘yishi kerak bo‘lgan ota-onaga bog‘liq: aylanish, madaniy tadbirlarga, teatrlarga borish, uxlashdan oldin kitob o‘qib berish.

Hayotimda Onamning o‘rni alohida. Mening onam – ajoyib inson! Men ularga doim o‘xshashga va tenglashishga harakat qilaman. Ularda to‘g‘ri tanlangan hayotdagi prinsiplar mavjud. Ular juda og‘ir-bosiq va adolatli. Ular har doim qo‘llab-quvvatlaydi, yupatadi, ulardan doim kerakli maslahat olsa bo‘ladi. Eng muhimi menga o‘rgatgan qoidani men bolalarimga o‘rgatayapman: har qanday o‘z bo‘yninga olgan ishni oxirigacha yetkaz!

Korrespondent (1)

Aziz Sultonov (Javohir): O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi akademik litseyda o‘qiyotgan kezlarim. 18 yosh edim, o‘shanda. Bir kuni dars mahali sinf xonamizga o‘zini “O‘zbekfilm” kinostudiyasidan deb tanishtirib, Alfiya ismli opa kirib keldi. “Bolalar! “Osmondagi bolalar” degan film suratga olinayapti. Shunga xohlovchilar bo‘lsa, studiyaga suratinglarni tashlab qo‘yinglar!” deb chiqib ketdi. Suratlarimni obordim, keyin videosinovga chaqirishdi. Telefon qilib, rolga tasdiqlanganimni aytishganda, xursand bo‘lib ketdim. Xushxabarni ota-onam bilan bo‘lishdim. Bilasizmi, mengacha Javohir roliga 500 ta talabgor bo‘lgan ekan. Suratga olish davomida juda ko‘p qiziq voqealar bo‘lgan. Hatto filmdan so‘ng ham. Bir safar kechki payt sport mashg‘ulotlaridan qaytayotgan edim. O‘ntacha yigitlar yo‘limni to‘sishdi. Tabbiyki janjal chiqarish uchun bahona qidirardi. Vaziyat keskinlashib borardi. Sport bilan muntazam shug‘ullanganim uchun o‘zimga ishonchim baland edi, shunga qaramay voqea janjalsiz tugashini istardim. Axir ular o‘ntadan ham ko‘p. Shunda yigitlardan biri tanib qoldi: axir bu Javohirku?! “Osmondagi bolalar”dagimi, ikkinchisi gapini ilib ketdi. Shundan so‘ng yigitlar ochiq chehra bilan xayrlashishdi. Men esa filmdan va sportdan minnatdor edim.


Muzaffar Sa’dullaev (Hamdam): Film taqdimoti 2002-yil 1-oktabrda bo‘lib o‘tgan edi. Ertasiga film butun shaharda shov-shuv bo‘lib ketgandi. Hamdam roli ijodimda alohida o‘rin tutadi. “Vatan” filmidagi Qurbon rolimga qaraganda, Hamdamni ko‘proq eslashadi… Filmdan avval Muzaffar bo‘lsam, premeyrani ertasiga Hamdam bo‘lib uyg‘onganman. Bu rolga tasdiqlanishim ham ajoyib kechgan. Buning o‘z hikoyasi bor. Aslida Hamdamga boshqa yigit tasdiqlangan bo‘lgan. Suratga olish ishlari boshlanishidan avval o‘sha yigit burnidan jarohat olganligi sababli, filmda suratga tusholmagan. Suratga olish ishlari “Maktab” sahnasini suratga olinishi bilan boshlangan. Hamma narsa tayyor, biroq Hamdam roli ijrochisi yo‘q… Shunda ikkinchi rejissyorimiz Alfiya opa Zulfiqor Musoqovga Muzaffarni bir ko‘ringchi, deb tavsiya qilganlar.

Dadam “O‘zbekfilm” kinostudiyasida ancha yillardan beri faoliyat yuritardilar. Men ham ularga hamroh bo‘lib, ko‘p syomkalarni kuzatishga chiqardim. Hamdam roli ustida ishlashimda ham shu kuzatuvlarim, otamning o‘gitlari asqotgan. Kamera qarshisida ilk martta turish hayajonlari… eslayman o‘sha paytlarni. Operatorimiz Abdurahim Ismoilov bizlarga ancha yordam berganlar. Film kinotasmaga olinganligi uchun oldingi epizod holatlarini xotiramizda saqlashimiz, keyingi epizodda shundan kelib chiqib ijro qilishimiz kerak bo‘lardi. Har suratga olish kuni yakunida Alfiya opa “Hammaga rahmat! Syomka tugadi!” deb e’lon qilardilar-u, ko‘zlariga yosh kelardi…
Hozir boshqa kasbdaman. Tadbirkorman. 3 ta farzandim bor: Muhammadaziz, Hafizillo, Abdulloh… Farzanlarimni otamdek ilmli bo‘lishini istardim. Otam juda ko‘p kitob o‘qiydilar. Biz ham shu muhitda katta bo‘lganmiz.

Korrespondent (6)

Davron G‘ulomov (Xurshid): Kinoda suratga tushish – orzuyim bo‘lmagan. Hammasi to‘sattan bo‘lib ketdi. Bir kuni o‘rtog‘im “Maktabga kinochilar kelibdi, kasting o‘tkazishar ekan”, dedi. Qiziqib borganmiz. Lekin da’vogarlarning ko‘pligini ko‘rib, bizda imkoniyat yo‘q, deb o‘ylay boshlagandik. Bir-birimizga hazil qilib turgan paytimiz Zulfiqor aka chaqirib, filmdagi bir-ikkita epizodlarni ko‘rsatib berishimni aytgan. Kamera oldida birinchi marta turishim bo‘lsa-da sir boy bermay, aytilgan sahnani o‘ynab berganman. Ularga yoqqan. Shu tariqa “Xurshid” roliga tasdiqlanganman.

Butun film davomida mazza qilib rol ijro etgandim. Suratga olish davomida juda ko‘p qiziq voqealar bo‘lgan. Balki bu filmning o‘zi judayam qiziq va mazmunli bo‘lgani uchundir. O‘zimga eng yoqqan sahnam esa birinchi qismda, devor yonida Lolaning yo‘lini to‘sib, urishmoqchi bo‘lganimizda, do‘stlarimning yiqilganini ko‘rib, qochib qolganim bo‘lgan.
“Osmondagi bolalar” menga “Osmondagi bola” bo‘lib qolish imkonini berdi! Buning uchun kino ijodkorlari va taqdirdan minnatdorman!
Farzandlarimda ota-onamdagi hamma fazilatlar bo‘lishini istayman. Ulardagi mana bu hislat yoqadi, mana bu fazilati judayam yaxshi deyolmayman. Ularning hamma hislatlarini hurmat qilaman, yaxshi ko‘raman va farzandlarimda bo‘lishini chin dildan niyat qilaman.

Davron G‘ulomovning onasi va qizi

Ajoyib diydorlashuvda otasi bilan bo‘ylashgan ikki bolakayning gap-so‘zlari, mulohazalariga qiziqdik. Muzaffar Sa’dullayevning o‘g‘illari bilan suhbatning bir qismini sizlarga ham ilindik.

Vaqt charxpalagi oldinga aylanib, film yana bir karra suratga olinsa, bu gal ham Hamdamni ayni shu obrazda ko‘rgan bo‘lardik balki. Chunki ko‘pincha bobosi bilan o‘zbekfilmga kelib, dargoh havosini olayotgan, yuragida kinoga qiziqish, tomirida mahoratli aktyor ota qoni oqayotgan Muhammadaziz ham, Hafizullo ham bu obrazni birovga berib qo‘ymagan, o‘zlari aytgandek, “huddi Hamdamdek o‘ynagan” bo‘lishardi… Haqiqattan ham Muhammadazizning jiddiyligi, kutilmagandagi hazil aralash gaplari bilan sizga tabassum bag‘ishlashi, Hafizulloning sizga hayrat va beg‘uborlik bilan boqib turuvchi katta-katta ko‘zlariga qarab, o‘sha, siz-u bizga tanish Hamdamni ko‘rgandek bo‘lasiz…

Korrespondent (13)

Kino va hayotdagi Hamdam bir-biriga juda o‘xshaydi: jiddiy, sabrli, mehnatkash… va hazilkash odam. Biz filmni dadamdan ham ko‘proq ko‘rgan bo‘lsak kerak. Televizorda “Osmondagi bolalar”ni berishsa, shu paytgacha, biror marta ham boshqa kanalga olib qo‘ymaganmiz. Uni dadam o‘ynagani uchun emas, o‘zi, umuman, zo‘r kino bo‘lgani uchun yaxshi ko‘ramiz! Ayniqsa, Temur akamning mashina kalitini o‘g‘irlashi, Aziz akamning qizini himoya qilishi, Xurshidning do‘sti uchun senariy muallifini almashtirib qo‘yish sahnalari yoqadi, – deydi Muhammadaziz.

Hamdam haqiqiy hayotda non yopmaydiku, lekin oyijonim uyda bo‘lmaganlarida bir-bir ovqat qilib beradi. Dadam bilan ko‘chada yurganimizda odamlar “Voy, Hamdam-ku!” deyishlaridan quvonib ketaman. Ular darrov rasmga tushaylik, deyishadi. Keyin xuddi qadrdonlardek ancha payt gaplashib qolishadi. Avvallari odamlar ketgach, dadamdan “Tanishingizmi?”, deb so‘rasam, “Yo‘q, lekin endi tanishmiz”, derdilar. Hozir ancha tushinib qolganman, deydi, – kulib Hafizullo. — Shunaqa paytlar meniyam kinoda Hamdamdek rollarni o‘ynagim kelib ketadi. Lekin bu haqida hali dadamga aytganimcha yo‘q. Aytsam, qarshilik qilmasalar kerak. Yana bilmadim…

Korrespondent (9)

Men esa bir gal rol o‘ynaganman. To‘g‘ri, epizotik sahnada — “Opa-singillar” serialida bir necha soniyalik kadr edi. Lekin ana shu kichkinagina vaqt ichida shunaqangi hayajonlanganman-ki! O‘shanda aktyorlarga oson emasligini tushunganman. Kelajakda menejer bo‘lmoqchiman. Hozir ingliz tilini o‘rganayapman. Ingliz, rus tillarida ham kitoblar o‘qiyman. Lekin baribir kinoni boshqacha yaxshi ko‘raman. Oxirgi ko‘rgan filmim “Dadam betob”. Dadam bilan birga tushib ko‘rdik. Ajoyib film. Shunaqa filmlarni ko‘rgim keladi. Do‘stlarim bilan biror kino ko‘rmoqchi bo‘lsak ham, duch kelgan filmlarga tushmayman. Ham vaqting, ham puling shamolga sovrilgani qoladi. Dadam hozir kino sohasidan butunlay uzoqda bo‘lsalar-da, doimiy ravishda uni kuzatib borishga harakat qiladi. Bizning yaxshi va yomon kinoni ajrata olishimiz ham ulardan o‘tgan bo‘lsa kerak.

Filmning qaysi qismi yoqadi, deysizmi? Ikkinchisi-da! Negaki, qahramonlar Londonga borishgan, deydi samimiygina kulib Hafizullo. Kinodagi hamma yoqadi – Javohir, Hurshid, Malika, lekin Lola emas, to‘g‘risi, Hamdamning Lolaga uylanmagani yaxshi bo‘lgan. Buni xohlamasdim, chunki oyim borlar-ku! )))

Bugun biz bilgan Hamdam, Javohir, Xurshid ancha ulg‘ayishgan. Lekin suhbat davomida ularni hamon beg‘uborlik, soddalik, bolalik tark etmaganini ko‘rdik. Bunga “Osmondagi bolalar”ning bolalari sababchi, nazarimizda. Shuning uchun ishonch bilan ayta olamiz, oradan qancha yillar o‘tmasin “Osmondagi bolalar” “o‘zimizning bolalar” bo‘lib qolaverishadi…

Loyiha muallifi: Farhod Umarov, Ikhtiyor Rakhman
Koordinator: Lobar Qobilova
Fotograf: Ja’far Erkinov
Matn: Feruza Xayrullaeva, Saodat Abulqosimova, Xolida Tangirova.

Fotosyomkalarni tashkil etishda ko‘rsatgan amaliy yordami uchun “RAMZ-FILM” studiyasiga minnatdorchilik bildiramiz.