“TechGirls” dasturi ilm-fan va texnologiyalar sohasida AQShda tajriba orttirishga imkon beradi

AQSh Davlat Departamenti qoshidagi Taʼlim va madaniyat masalalari byurosining tashabbusi boʻlmish TechGirls & TechWoman almashinuv dasturi Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarida yashovchi qizlarni ilm-fan va texnologiyalar sohasida ish yuritishga ragʻbatlantirish va ilhomlantirishga qaratilgan xalqaro almashinuv dasturidir. TechGirls almashinuv dasturida 21 davlatning 15-17 yoshli qizlari ishtirok etishlari mumkin.

Foto: Korrespondent.uz

Dasturning asosiy qismida Amerika Qoʻshma Shtatlarida toʻrt hafta davomida tajriba orttiriladi. Dastur ishtirokchilari interaktiv texnoligiya va kompyuterga ixtisoslashgan lagerda kodlash va kiber xavfsizlik kabi texnologiyaga oid mavzularni chuqur oʻrganadilar hamda 45 soatdan ortiq amaliy mashgʻulotlarda qatnashadilar.

Ushbu lagerda qizlar texnologik kompaniyalar va yetakchi klinikalarga tashrif buyurishadi, jamoat xizmatlarini koʻrsatish ishlarida hamda madaniy tadbirlarda ishtirok etishadi. Dastur tugallangach, qatnashchilar oʻz yurtlaridagi maktab yoki jamoa ichida kamida bitta trening-dastur yoki xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq loyihani amalga oshiradilar.

Foto: Korrespondent.uz

“Avvaliga TechGilrs dasturida 8  mamlakat ishtirokchilaridan arizalar qabul qilinar edi. Keyinchalik 14, 17 va hozirda esa 21 ta mamlakatdan oʻsmir qizlar unda ishtirok etishlari mumkin. Ushbu dasturda qatnashish uchun dunyo boʻylab yiliga minglab arizalar kelib tushadi. Dasturda oʻsmir qizlar turli seminarlarda malaka oshirishadi, AQShning eng ilgʻor innovatsion mutaxassislari bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega boʻlishadi“, – deydi ayni kunlarda Oʻzbekistonda treninglar oʻtkazayotgan xalqaro konsultant Aylin Brever. 

2012-yildan beri TechGirls Jazoir, Misr, Iordaniya, Livan, Liviya, Marokash, Falastin hududlari, Tunis va Yamandan kelgan 238 oʻsmir qizlarga saboq berdi. 2019-yilda ushbu dasturda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistondan 24 nafar qiz ishtirok etdi.

Dasturga arizalar qabul qilish jarayoniga start berilar ekan, Oʻzbekistondagi AQSh Elchixonasi tomonidan TechGirlsʼning taqdimoti tashkil qilindi. AQShdan tashrif buyurgan xalqaro konsultant hamda maʼruzachi Aylin Brever ushbu dastur haqida ishtirokchilarga batafsil maʼlumotlar berdi.

Foto: “Korrespondent.uz“

Tadbirga tashrif buyurgan yoshlar TechGirls hamda TechWomanʼning batafsil dasturi bilan, xususan bir hafta davom etadigan texnologik lager va Java dasturlash hamda mobil ilovalarni ishlab chiqish kabi texnologiyalarga oid ilgʻor mavzular boʻyicha imtihonlar haqida maʼlumotga ham ega boʻlishdi. Shuningdek, dastur bitiruvchilari tashrif buyurganlar bilan dastur davomida oʻzlashtirgan tajribalari hamda AQShga safarlari taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.

“Ikki kun avval AQShdan TechWoman 2019 dasturini yakunlab qaytdim. Albatta AQShga sayyoh va dastur ishtirokchisi sifatida borishni tasvirlab boʻlmaydi. Amerika kompaniyalarida huddi rasmiy xodimday amaliyot oʻtashning oʻzgacha gashti bor. Bizga Amerikaning gigant texnologik kompaniyalarida boʻlish imkoni berildi“, deydi TechWoman 2019 dasturi bitiruvchisi Nargiza Xolmatova.

Foto: Korrespondent.uz

TechGirls dasturi ishtirokchilari maʼlum talablarga muvofiq tanlab olinadi. Hujjatlarni sanoat sohasi yetakchilari va mintaqaviy ekspertlardan iborat mustaqil qoʻmitalar koʻrib chiqadi. Birinchi bosqichdan oʻtganlar Oʻzbekistondagi AQSh elchixonasiga suhbatga taklif etiladi.

“Korrespondent.uz“ avvalroq, TechGirls 2020 dasturiga arizalar qabul qilish jarayoning boshlangani hamda uning shartlari haqida xabar qilgan edi.