To‘qayev nima uchun uning o‘rniga Nazarboyev Toshkentga kelganini aytdi

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toʻqayev Germaniyaga safar qilishdan oldin Deutsche Welleʼga intervyu berdi.

Foto: China Daily

Jurnalist amaldagi davlat rahbari va birinchi prezident vazifalari oʻrtasida qandaydir tafovut bor-yoʻqligi haqida soʻradi.

– Toshkentga (29 noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi), masalan, Nazarboyev tashrif buyurdi. Bunda vazifalarning qandaydir taqsimlanishi bormi? – deb soʻradi jurnalist.

– Nazarboyev haqiqatdan ham Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurdi. U bir vaqtlar ushbu formatni oʻzi yaratgandi, 2000-yillarning boshida esa butun bir tashkilot – Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati mavjud edi. Keyin, turli sabablarga koʻra, bu hamjamiyat tarqatib yuborildi, ammo endi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari oʻrtasida bunday norasmiy maslahatlashuvlarga ehtiyoj paydo boʻldi. Axir, ushbu mintaqa geosiyosat nuqtai nazardan juda muhimdir. Davlat rahbarlari oʻrtasida norasmiy maslahatlashuvlar oʻtkazish juda kerak boʻlgan narsa. Nursulton Nazarboyev Elboshi sifatida shu bilan shugʻullanmoqda, – deya javob qaytardi Toʻqayev.