20 yildan buyon ilmiy tashkilotlarda barqaror moliyalashtirish manbasi boʻlmagan – Vazir oʻrinbosari

0
12
marta oʻqilgan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi qonun mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan vazirlik mutasaddilari yaqinda qabul qilingan mazkur qonunning ahamiyati toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Foto: Korrespondent.uz

Korrepondent.uz muxbirining xabar berishicha, qonunning maqsadi mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vazifalar yechimini topish uchun ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatni boshqarish hamda milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini taʼminlash, iqtisodiyot va davlatning barqaror innovatsion rivojlanishi manfaatlarida barcha fan sohasidagi huquqiy munosabatlar subyektlarining samarali faoliyati uchun institusional asosni shakllantirishdan iborat.

Shuningdek, mazkur qonun bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organi deb belgilandi.

Foto: Korrespondent.uz

– Barchangizga maʼlum ilm-fan rivoji moliyaviy taʼminot bilan bogʻliq – deydi Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi oʻrinbosari v.b. Sharof Rajabboyev. “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi qonunda moliyaviy masalalarga 7 ta moddadan iborat alohida bob ajratilgan va moyalashtirish shakllari, manbalari koʻrsatib berilgan. Xususan, qonunda davlat ilmiy tashkilotlarining bazaviy moliyalashtirish tartibi koʻrsatilgan. Shu paytgacha, qariyib 20 yil desak boʻladi, ilmiy tashkilotlarda barqaror moliyalashtirish manbasi boʻlmagan. Ularning faoliyati koʻp holatlarda ilmiy grantlar, buyurtmalar bilan bogʻliq boʻlib qolishi ilmiy tashkilotlar imkoniyatlarini qisqartirib yuborgan. Juda katta ilmiy maktablar qisqarib kichik ilmiy guruhlarga aylanib qolgan. Shu bois ilm-fan sohasidagi amalga oshirilgan dastlabki islohotlar moliyaviy taʼminotni yaxshilashga qaratildi.

Qonunning yana bir ahamiyatli jihati, boshqa mamlakatlarni ilm-fan sohasiga oid qonunlaridan farq qiladigan jihati – fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyaning qonuniy asosini belgilab berganidir. Barchamizga maʼlum fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiya bu innovatsiyaning poydevori hisoblanadi.

Qonun 2020-yil 1-yanvaridan kuchga kirishi belgilangan.

 

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting