O‘zbekistonda Forbes jurnali chop etiladi. Jurnalning ilk soni martda chiqadi

0
13
marta oʻqilgan

Qozogʻistonlik tadbirkor Armanjan Baytasov Forbes Uzbekistan jurnali faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi, deb xabar beradi Spot.

Foto: Forbes.kz

Bizning kompaniyamiz Forbes jurnalini Oʻzbekistonda nashr etish huquqini olganini mamnuniyat bilan maʼlum qilmoqchiman. Yangi loyihani yaratish har doim meni yangi yutuqlarga ilhomlantiradi. Bunday brend ostida keyingi loyihani ishga tushirish ikki karra yoqimli. Bu hayotiy energiya beradi va qoʻshimcha ijobiy munosabat yaratadi”, — deydi tadbirkor.

Tadbirkorga koʻra, Forbes nashrining Oʻzbekistonda ochilishi juda dolzarb, chunki respublika biznes yuritish nuqtai nazaridan juda istiqbolli.

“Oʻzbekiston dunyodagi eng jadal rivojlanayotgan davlatlardan biri boʻlib, yirik investorlar uchun juda qulay shart-sharoitga ega. Qoʻshni mamlakat iqtisodiyotida roʻy berayotgan oʻzgarishlar, Oʻzbekiston hukumatining investorlarga yaratayotgan shart-sharoitlari katta qiziqish uygʻotmoqda.   Qozogʻiston va Oʻzbekiston juda yaqin mamlakatlardir. Biz uzoq vaqt davomida bir davlat — SSSR doirasida mavjud edik. Va mentalitet jihatdan biz bir-birimizni juda yaxshi tushunamiz. Ijodiy va biznes elita hatto ittifoqning parchalanishidan keyin ham yaqin aloqada boʻlib, bir-biri bilan aloqalarni saqlab qoldi. Bularning barchasi bizga Oʻzbekistonda media-loyihani qisqa muddatda rivojlantirish va muvaffaqiyatga erishishimiz mumkinligi haqida tassurot uygʻotadi”, – deya qoʻshimcha qildi tadbirkor.

Uning fikricha, aholisi 33 million kishidan oshadigan Oʻzbekiston yirik mushtariylar auditoriyasiga ega. Shuning uchun, hech boʻlmaganda, ushbu respublika fuqarolarining bir qismida sifatli tahlil va biznes jurnalistikasiga talab bor.

“Biz bunday materiallarni tayyorlash, ushbu auditoriyaga kerak boʻladigan kontentni yaratish borasida katta tajribaga egamiz”, dedi Armanjan Baytasov.

Yangi jurnal tahririyati binosi Toshkent shahrida boʻladi. Mushtariylarga nashrning bosma va sayt koʻrinishlaridagi versiyasi taqdim etiladi. Jurnal hozircha faqat rus tilida, sayt esa rus va oʻzbek tillarida boʻladi.

Dekabr oyidan jurnal tahririyatiga kelgan rezyumelar koʻrib chiqila boshlaydi, keyin esa jurnalistlar bilan suhbat jarayoni boshlanadi. Forbes Uzbekistanʼning ilk soni 2020-yilning mart oyida chop etilishi rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonda OAV ustav fondinning faqat 30 foizigina xorijiy hamkorga tegishli boʻlishi mumkin. Baytasov bu masalani qanday hal qilishi hozircha nomaʼlum, deyiladi xabarda.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting