Almazbek Atamboyev sudga majburiy ravishda olib kelingani ma’lum qilindi

0
26
marta oʻqilgan

Qirgʻizistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev Bishkekning Pervomaysk tuman sudiga majburiy ravishda yetkazildi. Bu haqda Atamboyevning advokati Sergey Slesarev maʼlum qildi.

Foto: Sputnik

Uning taʼkidlashicha, Atamboyev qarshilik koʻrsatmagan.

“U yosh soqchilarni zarbaga qoʻymaslik uchun qarshilik koʻrsatmadi. Atamboyev hozir sud majlislari zaliga borishdan bosh tortib, soqchilar xonasida qolmoqda”, deb aytgan Slesarev.

Soqchilarning taʼkidlashicha, Qirgʻizistonning sobiq prezidenti sudga koʻngilli tarzda kelgan, unga qarshi kuch qoʻllanmagan. Sudga Atamboyevning tarafdorlari va qarindoshlari ham kelgan.

“Bu chidab boʻlmas holatdir. Biz bu haqida xabar topgach, shoshilinchda bu yerga keldik. Bugun majlis boʻlishidan ham bexabarmiz. Sud jarayoni yopiq tartibda oʻtar ekan, jurnalistlarni qoʻyishmayapti. Men otam bilan koʻrishishga umid qilgandim. Biroq uni yashirincha olib kelishdi va yashirincha olib ketishadi. Unga onam bilan koʻrishishgagina ruxsat berishdi. Men bilan koʻrishishni taqiqlashdi. Nima ham qilardim, aqalli otam bilan bir binoda boʻlganimdan qanoatlanib qolaman”, deb izoh bergan vaziyatga Atamboyevning oʻgʻli Qodir Atamboyev.

Taʼkidlanishicha, Atamboyev sudga jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning noqonuniy ozod qilinishi ishi boʻyicha yigʻilishga keltirilgan. Biroq yigʻilish advokatlar ish hujjatlari bilan tanishishlari uchun 6 dekabrga koʻchirilgan. Atamboyev sudning soqchilar xonasida maʼlum vaqt qolib, soʻngra tergov izolyatoriga qaytarib olib ketilgan.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting