Komil Allamjonov: “Otam kabi halol va pok bo‘lishga intildim”

0
17
marta oʻqilgan

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonovning ushbu lavozimga tayinlanganiga 30-noyabr kuni bir yil to‘ldi. Shu munosabat bilan u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida quyidagi fikrlarni yozib qoldirdi:

Foto: Telegram / Komil Allamjonov

Roppa-rosa bir yil oldin, aynan shu kuni Prezidentimiz katta ishonch bildirib, meni Agentlik rahbari lavozimiga tayinlagan edilar.

O‘tgan davr mobaynida Agentlik vakolati doirasida tinmay mehnat qildik. Ko‘p loyihalarni boshladik. Bir yil o‘n yildek o‘tdi, nazarimda. Qanchalik natija bera oldik, bilmadim, bahoni odamlar va rahbarlarimiz beradi.

Ushbu lavozimda yana necha kunni qarshi olishimni ham bilmayman, chunki bu — taqdir va nasiba. Lekin bitta narsani aniq bilaman: otam kabi halol va pok bo‘lishga qat’iy intilib, mehnat qildim va bundan keyin ham Prezidentimga, Vatanimga sodiq bo‘laman.

Matbuotni haqiqatan to‘rtinchi hokimiyat darajasiga yetkazish uchun astoydil, qattiqqo‘llik, qaysarlik, qat’iyat va tizimli ravishda ishlashga harakat qilmoqdamiz. Bu kimgadir yoqyapti va, albatta, kimgadir yoqmayapti. Bu tabiiy. Chunki to‘rtinchi hokimiyat amalda ishlasa, ko‘pchilikni ishlashga majbur qilyapti va ko‘pchilikning faoliyatiga ko‘zgu bo‘lyapti.

Haqiqat va adolatga erishish har doim ham oson kechmaydi. Bir narsani aniq bilaman: biz yangi O‘zbekiston tarixining yangi bobi yozilishi jarayonidamiz. Ilohim, ushbu jarayonda katta oyim aytganlaridek: “O‘t balosidan, suv balosidan, tuhmat balosidan, yomon ko‘zlardan Yaratganning o‘zi asrasin!”.

Ushbu lavozimda qancha faoliyat yuritishimdan qat’i nazar, har bir kunda xalqimizning, Prezidentimning ishonchlarini oqlash, davlat uchun, jurnalist va blogerlar uchun, ularning himoyasi, ularning sharoiti uchun bor kuchim bilan harakat qilishga va’da beraman.

Komil Allamjonov, AOKA rahbari

Eslatib o‘tamiz, Komil Allamjonov Prezident farmoni bilan Prezident administratsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlangan edi. 2017-yilning dekabridan O‘zbekiston Prezidentining matbuot kotibi va Prezident ijro apparati boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Keyinchalik, davlat xizmati davomida sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli o‘z xohishi bilan egallab turgan lavozimlaridan ozod etilishini so‘rab, murojaat qilgan. 2018-yilning 3-oktabr kuni u lavozimidan ozod etilgan. Shu yilning 28-noyabrida esa Komil Allamjonov O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan va OAV so‘z erkinligini ta’minlash uchun bor kuchini safarbar etishga va’da bergan.

Ma’lumot uchun, AOKA Prezidentning 2-fevraldagi farmoni bilan sobiq O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA) negizida tashkil etilgan. Agentlik direktori o‘z maqomiga ko‘ra prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosariga tenglashtirilgan.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting