Moliya vaziri: «Davlat tashkilotlari pulni dalada ketmon chopib topayotgani yo‘q!»

0
20
marta oʻqilgan

Senat yalpi majlisida byudjet masalasi boʻyicha muhokamada senator Bahodir Saʼdullayev ayrim davlat tashkilotlarining huzurida ochilgan jamgʻarmalar, ularning nazorati qay darajada ekanligi haqida savol berdi, deb yozadi “Azon.uz” nashri.

Foto: Zamin.uz

Bunga javoban Moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov quyidagi fikrlarni bildirdi:

“Avvalo bizning dardimizni koʻtarib, bizga yordamchi boʻlgan savol berganingiz uchun katta rahmat. Haqiqatdan bugungi kunda koʻplab davlat tashkilotlarining jamgʻarmalari tashkil qilingan. Aslida butun dunyoda amaliyot shunaqa – bunaqa jamgʻarmalarga tushadigan mablagʻlar byudjetga konsolidatsiya qilinishi kerak.

“Bu — sharmandali holat”

Aviachiptalar narxi qimmatligiga kerosin sabab (emish…)

Lekin bizda biroz boshqacha. Ayrim tashkilot rahbarlari “bu pul meniki, uni istaganimcha ishlataman” deb notoʻgʻri oʻylashadi. Hozir shu yerda oʻtirgan ayrim hurmatli vazirlarimiz xafa boʻlsa ham aytaman, bunday jamgʻarmalarga tushadigan pullarni ular dalaga chiqib, ketmon chopib topayotgani yoʻq. Ular davlat binosida oʻtiribdi, davlat xizmatini koʻrsatayapti. Toʻgʻri, bu mablagʻlarni tushurish uchun mehnat ham sarflanadi, masalan, jarima undirish uchun jarimani aniqlash va rasmiylashtirish kerak. Lekin baribir bu tushumlar davlatniki.

Biz joriy yilda jismonan ulgurmadik, ammo kelasi yil davomida bunday xos jamgʻarmalar toʻliq nazoratga olinadi. Shunda adolatdan boʻladi.

Masalan, bir tashkilotning jamgʻarmasi bor va oʻsha tashkilot xodimlariga jamgʻarma pulidan uy olib beryapti. Lekin aytaylik, bunday jamgʻarma Moliya vazirligida yoʻq boʻlsa, u nima uchun oʻz xodimlariga uy olib bera olmasligi kerak? Yoki jamgʻarmasi yoʻq vazirlik xodimlari yomon ishlayaptimi? Yomon ishlayotgan boʻlsa, kelib isbotlab berishsin.

Aytmoqchimanki, byudjet tushumlari barcha davlat xizmatchilari uchun teng imkoniyatlar yaratishi kerak. Bittasida imtiyoz bor, ikkinchisida yoʻq, boʻlmasin. Kelgusi yilda imtiyozli ipoteka kreditlari ham unifikatsiya qilinadi, bu boʻyicha Prezidentimizning topshirigʻi ham bor”, – dedi Moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting