“Jurnalistlar bilan muloqotda etika qoidalariga qat’iy amal qilishimiz zarur”. Tanzila Norboyeva senatorlarga murojaat qildi

0
19
marta oʻqilgan

O‘zbekiston Senati 24-yalpi majlisi ochilishidagi nutqida Senat raisi Tanzila Norboyeva senatorlarga murojaat qilib, faoliyatning shaffofligi va oshkoraligi, xalq va OAV bilan kundalik muloqot davr talabi ekanini eslatib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo”.

Foto: Qalampir.uz

Eng avvalo jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, OAV erkinlini ta’minlash — islohotlarimizning asosiy masalalari ekanligini xammamiz yaxshi bilamiz. Bu masalalarga e’tibor berilmasa, huquqiy davlat sifatida rivojlana olmaymiz, oldinga yura olmaymiz.

Mamlakatni yanada rivojlantirish bizdan yangicha yondashuvlarni, birinchi navbatda — hokimiyat faoliyatining shaffofligini, oshkoraligini talab qilmoqda. Rahbarlarning xalq uchun ochiqligi, jamiyatimizning barcha sohalarida ochiqlik — bugungi bugungi kun talabi. Boshqa yo‘limiz yo‘q va bunga ko‘nikib, ishimizni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak.

Bugun biz odamlar bilan kundalik muloqot qilib, ularning muammolarini shunchaki tinglashimiz emas, balki diqqat bilan quloq tutib, ularni tezlik bilan hal qilishimiz kerak.

Shu o‘rinda aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan selektor majlisida davlatimiz rahbari eskicha boshqaruv usullaridan qat’iy voz kechishimiz, demokratik rivojlanayotgan bugungi davrga mos bo‘lishimiz kerakligiga yana bir bora urg‘u berdilar.

Bizning avvalgi yopiqligimiz, odamlar bilan, ayniqsa OAV vakillari bilan muloqotga chiqmasligimiz, korrupsiya holatlari hayotimizdan umuman chiqib ketishi kerak. O‘zingiz o‘ylang — hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga birgina qo‘pol harakatimiz, nojo‘ya gaplarimiz bilan qanchalik dog‘ tushirishimiz mumkin.

Davlatimiz rahbari OAV islohotlardagi alohida o‘rni borligini ham to‘g‘ri ta’kidlab o‘tdilar. Bugun jurnalistlarimiz aholini bezovta qilayotgan muammolarga barcha rahbarlarning e’tiborini qaratmoqda, ular nafaqat muammolarni qayd etmoqda, ularning yechimi yuzasidan yangi, nostandart g‘oyalarni ham taklif qilmoqda.

Shuning uchun, xalqimiz bilan, jurnalistlarimiz bilan muloqot qilishni odat qilishimiz, muomala madaniyatiga, etika qoidalariga qat’iy amal qilishimiz zarur. Turli OAV, shu jumladan, xorijiy OAV tomonidan bildirilayotgan tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilib, ochiqlik va erkin fikr bildirilishini demokratik davlatning asosiy tamoyillaridan biri sifatida qabul qilishimiz kerak.

Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Senati raisi

Ma‘lumot uchun, 16-noyabr kuni internetda Toshkent shahar hokimi, senator Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga go‘yoki tahdid qilayotganini tasdiqlovchi 1,5 daqiqalik audioyozuv tarqalgan edi. Keyinroq ushbu tahdidlar “Kun.uz” muxbirlariga qaratilgani, audioyozuv hokim va jurnalistlarning 15-avgust kuni — Olmazor tumani hokimi sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobov masalasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida yozib olingani ma‘lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng, 18-noyabrga o‘tar kechasi “Kun.uz” jamoasi va hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi; “Kun.uz” uchrashuv yakunlariga ko‘ra “tushunmovchilikka barham berilgani”ni ma‘lum qildi (bu holat jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi). 19-noyabr kunihokim ovozi yozilgan audioning 14 daqiqalik, 20-noyabrda 17 daqiqalik talqinlari e’lon qilindi — ularda hokim jurnalistlarga ularni sharmanda qilish va o‘ldirtirib yuborish bilan tahdid qilganidan so‘ng: “Men bunday ifloslik qilmayman”, deb aytgani ma‘lum bo‘ldi.

Jahongir Ortiqxo‘jayevning so‘zlari nafaqat mahalliy faollar, balki xalqaro kuzatuvchilar tomonidan ham qoralandi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting