Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi birinchi o‘qishdayoq qabul qilindi

0
8
marta oʻqilgan

Qonunchilik palatasining 2019-yilning 26-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlarning e’tibori birinchi o‘qishda muhokamaga kiritilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga qaratildi.

293A7384
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Ushbu loyiha parlament quyi palatasidagi qo‘mitalar, siyosiy partiyalar fraksiyalarida dastlabki tarzda muhokama qilingan. Yig‘ilishlar chog‘ida yangi Soliq kodeksining har bir normasi ko‘rib chiqildi va ayrim normalar deputatlar o‘rtasida bahs va munozaralarga sabab bo‘ldi. Mazkur hujjat nafaqat davlatning soliq siyosatini amalga oshirishga qaratilgan fundamental normativ-huquqiy hujjat sifatida muhim iqtisodiy balki, soliq qonunchiligini qo‘llashni maksimal darajada soddalashtirishga, ziddiyatlar va tushunmovchiliklarni bartaraf etishga, insofli soliq to‘lovchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekani aytiladi.

Kodeks loyihasini O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasiga to‘la muvofiq ishlab chiqishda, birinchidan, soliq nazorati shakl va mexanizmlari, ikkinchidan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish yo‘li bilan soliq obektlari hamda soliq to‘lovchilarning hisobini yuritishni ta’minlash muhim vazifa etib belgilab olingan.

Majlisda Soliq kodeksi loyihasining tuzilishi deyarli saqlab qolingani ta’kidlab o‘tildi. Uni umumiy va maxsus — soliq ma’muriyatchiligi hamda soliqlarni hisoblash va to‘lash qismlariga bo‘lish ko‘zda tutilmoqda. Ilk bor soliq organlarining huquq va majburiyatlari belgilanib, ularning javobgarligi kuchaytirilmoqda. Soliq to‘lovchilarga esa, soliq rejimini tanlash, ularni to‘lash tartibi kabi imtiyozlar taqdim etilmoqda. Soliq nazorati tartiblari soddalashtirilgani va soliq tekshiruvlari turlarining 13 tadan 3 tagacha qisqartirilgani deputatlarning alohida qiziqishiga sabab bo‘ldi.

Deputatlar ta’kidlaganidek, joylarda o‘tkaziladigan tekshiruv paytida soliq organlari tomonidan soliq va yig‘imlar undirilmaydi, aksincha, soliq organlari tomonidan maslahat tarzida ko‘mak beriladi hamda soliq tahlili asosida aniqlanadigan tahlikali omillarni bartaraf etishga yordam ko‘rsatiladi.

Shuningdek, soliq to‘lovlarini ta’minlashning yangi vositalarini joriy etish, pulli asosda soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Soliq imtiyozlarini belgilangan stavkani pasaytirish shaklida, lekin 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan va uch yildan oshmagan muddatga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan taqdim etish mumkin bo‘lgan qoidalar belgilanmoqda.

Parlament vakillari soliqlarni hisoblash va to‘lash mexanizmini takomillashtirishga, shuningdek, soliqlarning barcha elementlarini aniqlashtirish hamda tartibga solishga qaratilgan normalar kodeks loyihasidan o‘rin olganini ta’kidlab o‘tdilar. Bu ilk bor Soliq kodeksi bilan tasdiqlanayotgan soliq normalari va stavkalarining doimiyligini ta’minlaydi.

Muhokamalar yakunida yangi tahrirdagi Soliq kodeksini tasdiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting