O‘zbekiston iqtisodiyotini islomiy banking qutqaradimi?

0
12
marta oʻqilgan

Oʻzbekistonlik mustaqil iqtisodiy tahlilchi Igor Tsoyning “Oʻzbekistonda halol pullar“ deb sarlavhalangan maqolasi mamlakatdagi islomiy moliya rivoji sustligi atrofidagi bahslarni qoʻzgʻadi, deb yozadi “BBC Oʻzbek“.

Foto: BBC O’zbek

Igor Tsoyning maqolasi Repost.uz veb-saytida eʼlon qilindi.

Maqola muallifi insoniyat tarixidagi sudxoʻrlik tarixi, bugungi zamondagi bank xizmatlari mohiyati va islomiy moliya hamda Islom dinining foiz evaziga pul qarzga berishning munosabati haqida mufassal maʼlumot bergan, jahondagi islomiy moliyaga qiziqish va foydalanish nega koʻpayib borayotganini chuqur tahlil qilgan.

2008-2011-yillardagi global moliyaviy inqirozdan islomiy banklar jabr koʻrmadi, bu inqiroz ularning samaraligi va mustahkamligini isbotladi, deydi muallif.

XX asrning 40-yillarida musulmon davlatlarida boshlangan islomiy banklar sonining ortishi butun dunyo boʻylab koʻpaya boshladi, hozirgi paytga kelib dunyoning 75 mamlakatidagi banklar islomiy moliya xizmatlarini mijozlariga koʻrsatmoqda.

“Deutsche bank, BNP Paribas, Société Générale, Citibank, HSBC, Chase Manhattan Bank, Goldman Sachs, ING, Nomura securities Bank, JPMorgan Chase va boshqa gigant moliyaviy tashkilotlar oʻzlarining islomiy departamentlarini ochganlar“, deydi Igor Tsoy.

“Bizning mamlakatimizda ham islomiy bankingni joriy etish fursati pishib yetildi“, – deb yozadi iqtisodiy tahlilchi.

“2018-yilning mayida prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasida islomiy bank ishi va moliyasi infrastrukturasini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarorining loyihasi muhokama uchun eʼlon qilindi. Biroq, afsuski, qaror qabul qilinmadi. Nega? Oʻylashimizcha, tegishli normativ-huquqiy baza va mutaxassislarning yetishmasligidan. Qonunchilik bazasini islomiy bankingni joriy etish haqidagi hujjatlar bilan qisqa fursatda toʻldirish mumkin boʻlsa-da, bank xodimlari bilan bogʻliq masala murakkabdir.

Nafaqat bank muassasasining ish yuritishini, balki eng avvalo – va eng muhimi – bank xodimlarining dunyoqarashi, yondashuvi va professionalizmini oʻzgartirish lozim.

Shuning uchun ham islomiy bankingni shakllantirishning evolyutsion yoʻli tanlandi. 2019-yil martida prezidentning “Islom Taraqqiyot banki Guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi jamgʻarmalari bilan shekriklikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori qabul qilindi. Unda ushbu tashkilotlar hamkorlikni yanada rivojlantirish harakatlar rejasi (“Yoʻl xaritasi“) tasdiqlandi“, deb yozadi Igor Tsoy.

Muallif Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistondagi islomiy bank xizmatlari ahvolini tahlil qiladi, bundan islomiy banking Oʻzbekiston qoʻshnilariga nisbatan rivojlanganini koʻrish mumkin.

Shu yil mayida Toshkentda boʻlib oʻtgan Islom bankchiligi va moliyasiga bagʻishlangan anjumanda aytilishicha, mamlakat aholisining 30 foizi islomiy boʻlmaganligi uchun bankka omonat qoʻyish xizmatlaridan foydalanmaydi.

10 milliard dollardan ortiq mablagʻ aholida saqlanmoqda. Ularni jalb qilish uchun Islomiy bank va moliyalash tizimini yoʻlga qoʻyish va qonunchilik asoslarini yaratish lozim.

Oʻzbekistondagi 33,7 million aholining 80 foizdan koʻprogʻi musulmon ekanligi Toshkentni Markaziy Osiyodagi islomiy moliyalash markaziga aylantirishi mumkinligi aytilgan.

Islomiy moliyalash tizimini toʻliq ishga tushirish, standartlarni joriy qilishga yillar talab qilinadi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting