Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘zi haqorat va tahdid qilgan jurnalistlar bilan uchrashdi. Tushunmovchilikka barham berilgani ma’lum qilindi

0
33
marta oʻqilgan

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda va internet-nashrlarda Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevning “Kun.uz” muxbirlarini haqoratlayotgani, ularga jismonan yoʻq qilish bilan tahdid qilayotgani aks etgan audioyozuv faol muhokama qilindi. Shu munosabat bilan 17-noyabr oqshomida vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida “Kun.uz” tahririyati vakillari va hokim Jahongir Ortiqxoʻjayev oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtgan.

Foto: “Kun.uz”

“Kun.uz”ning bayonotiga koʻra, “muloqot davomida shahar hokimligi va sayt tahririyatiga taalluqli, yuzaga kelgan muammoli masalalar muhokama qilindi”. Uchrashuv tafsilotlari batafsil ochiqlanmagan; saytning rasman maʼlum qilishicha, “mazkur muloqot yakuniga koʻra sayt jamoasi va poytaxt hokimligi rahbariyati oʻrtasidagi barcha tushunmovchiliklar barham topgan”.

Tomonlar bir-birini tushunib, oʻzaro murosaga keldi. Sayt tahririyati hokimning ushbu vaziyat yuzasidan bildirgan mulohazalarini qoniqarli deb topadi.

Hamkasblar, boshqa nashrlarning jurnalistlari va blogerlarga shunday pallada faol qoʻllab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Shu bilan birgalikda, ulardan bu masalani ortiq muhokama qilmaslikni soʻraymiz, zero faqat ikki tarafgagina tegishli bu nizo turli siyosiy kuchlar va shaxslar tomonidan tor manfaatlar yoʻlida qurol sifatida foydalanilishini xohlamaymiz.

“Kun.uz”ning bayonotidan

Eslatib oʻtamiz, Jahongir Ortiqxoʻjayevning jurnalistlarga tahdidini “Adolat”, OʻzXDP, OʻzLiDeP partiyalari, shuningdek, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoralab chiqqan, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi ushbu holat yuzasidan oʻrganish olib borayotganini maʼlum qilgan edi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting