Chiroqchida 7 kishilik oila qo‘lbola pomidor konservasidan zaharlandi

0
18
marta oʻqilgan

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Qashqadaryoda bir oilada 7 kishi pomidor-bodring konservasidan zaharlandi” mazmunidagi xabar boʻyicha bayonot berdi.

Viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 14-noyabr kuni soat 09:00 larda Chiroqchi tumani Langar MFY Tutli qishlogʻida yashovchi 7 nafar fuqaro tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan. Bemorlarga ovqatdan zaharlanish — “Botulizmga gumon” tashxisi qoʻyilgan. Ularga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, uch nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali reanimatsiya boʻlimiga, toʻrt nafari esa viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi reanimatsiya boʻlimiga yotqizilgan.

Aniqlanishicha, bemorlarning deyarli barchasi bir oila vakillari: oila boshligʻi 38 yoshli N.H., uning turmush oʻrtogʻi 37 yoshli Yu.U., farzandlari 13 yoshli A.T., 9 yoshli egizaklar H.T. va F.T., 5 yoshli T.T. hamda jiyani 5 yoshli L.T.lardir.

Epidemologik surishtiruv davomida va bemorlarning bir haftalik taomnomasi oʻrganilganida quyidagilar aniqlandi.

Bemorlar 13-noyabr kuni kechki payt soat 17.00 da N.H.ning xonadonida osh bilan uch litrli shisha bankada uy sharoitida tayyorlangan pomidor konserva mahsulotini isteʼmol qilgan. Ertasi kuni ertalab soat 8.30 larda ularning barchasida koʻngil aynishi, holsizlanish, qayt qilish kabi kasallik alomatlari paydo boʻlgan. Soʻng bemorlar shu kuni tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilishgan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialida davolanayotgan oila boshligʻi, uning turmush oʻrtogʻi va katta oʻgʻliga “Botulizm kasalligining ogʻir darajasi. Oʻtkir toksemiya davri. Toksik neyropatiya. Oʻtkir nafas yetishmovchiligi I darajasi” tashxisi qoʻyilgan. Ularning ahvoli jiddiy. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan qolgan bemorlarning ahvoli esa qoniqarli. Ayni paytda tajribali shifokorlar tomonidan bemorlarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda.

Bemorning xonadoni oʻrganilganda uy sharoitida tayyorlangan turli hajmdagi 13 dona konserva mahsuloti tegishli tartibda isteʼmoldan olinib, yoʻq qilingan.

Hozirda tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi tomonidan hudud aholisi oʻrtasida botulizm kasalligining oldini olish boʻyicha targʻibot ishlari kuchaytirilib, aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari olib borilayapti. Xonadonlarda uy sharoitida tayyorlangan, isteʼmolga yaroqsizligi aniqlangan konserva mahsulotlarini yoʻq qilish choralari koʻrilayapti.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting