Kechir bizni, baxtsizlik

0
68
marta oʻqilgan

Bugun, 11-oktabr atoqli rus adibi Dostoyevskiy Fyodor Mixaylovich tavallud topgan kun. Shu bois Korrespondent.uz saytimiz orqali Iqbol Qo’shshayevaning dunyo kutubxonasida salmoqli o’rin egallagan F.M.Dostoevskiyning «Telba» (Ibrohim G’afurov tarjimasi) asaridagi ostiga chizib o’qiladigan fikrlarga ko’z yugurtiramiz. Bu fikrlarning mag’zini chaqish kimgadir og’irlik qilar, boshqa birovga mayoq yanglig’ ta’sir etar. Yana kimdir asarning o’zini to’lig’icha o’qib chiqishga oshiqar…

Foto: kh-davron.uz

KECHIR BIZNI, BAXTSIZLIK
Iqbol Qo‘shshayeva
05

Rus adabiyotini jahon sahnasiga olib chiqqan zotlar, shubhasiz, Fyodor Dostoyevskiy va Lev Tolstoydir. Lev Nikolayevich haqiqatni ijtimoiy po‘rtanalar oqimidagi odamning rangin va ziddiyatli viqorida ko‘rsa, Fyodor Mixaylovich uni iztirob ichida injalashgan insondan izlaydi. Va YASHAYMAN degan niyatda ko‘z ochgan odamzotga dardning tiyran va mungli nigohi orqali boqadi. Dostoyevskiyning shikasta qahramonlari bilan sirlasharkansan, o‘zingni tarang tortilgan ip ustida yurayotgandek sezasan. Uzilib ketsa-ya, uzilib ketsa-ya, marjondek sochilib ketgan asablarni qanday qilib yana ipga tizaman? O‘zim ham to‘zg‘ib ketmasmikinman? Nastasya Filippovna — tahqir etilgan nomus, knyaz Mishkin — beg‘uborlikning bahosiz badali, Parfyon Rogojin — yonayotgan g‘urur, Aglaya — qismati qaro qadrsiz muhabbat, donkixot Ivolgin — kulgining ayanchli tusi, dali-quv Lebedev — o‘ziga mubtalo yolg‘on, xastajon Ippolit — alamning hasad tomon o‘rlayotgan qop-qora tutuni. Hatto oliyjanob knyaz Mishkin ham, bu g‘amzada yigit “Qanday o‘lsam yaxshi bo‘ladi? Iloji boricha, ezguroq bo‘lib ko‘rinsa”, deb so‘raganida, u : “yonimizdan o‘tib keting, baxtimizni kechiring” deb aytadi. Baxt — iste’dod va muhabbat kabi kechirish qiyin bo‘lgan ma’sum gunoh! Aybsiz aybdorlikning ajri, bu! Banda bandaning baxtini tan olishi, o‘zga o‘zganing muhabbatini e’tirof etishi, inson inson iste’dodiga iqror bo‘lishi, juda mushkul savdo. Odamzot hali bu kenglikka qodir emas. Chunki bular Parvardigor ixtiyoridagi noyob omonat. … Ey, voh! Qayg‘uning qiyofasi buncha ko‘p bo‘lmasa! Bu qahramonlar kim? Ularning o‘tmishi qanday, buguni-chi, ne bo‘lishidan qat’iy nazar, siz iztirob chekayotgan insonga ta’zim qilasiz, unga hukm o‘qishdan, o‘zingizning darajangizga tushirib qo‘yishdan tilingizni tiyasiz. Aslida mutolaadan maqsad ham shu emasmi?!

Nastasyaning hayotini kul qilgan Afanasiy Toskiy o‘z axloqsizligidan tonmaydigan axloqsiz. Darddan mosuvo bedavo kibrga xos xudbinlikning oliy turqi. Ajablanarlisi, u Nastasyaga, o‘spirin qizaloqqa qilgan cheksiz yovuzligini mudhish hodisa deb bilmaydi. Aksincha men uni tarbiyaladim, unga muruvvat qildim deydi, va o‘z “marhamati”ga chindan ishonadi! Bu qoqigulbozning tavba-tazarrusi bachkana anfisalar xarxashasi bilan o‘lchanadi. Umridagi eng tuban ishi deb tantiq xonim va noshud oshiqning yig‘i-sig‘isidan iborat choygul mashmashasini biladi. Mohiyatiga nigoh tashlasang, bor-yo‘g‘i “guldastachi”! Nastasya alam achchig‘ida aytgan bo‘lsa-da, haq edi. “Choygul taqqan janob”ning istagi ichi po‘k xotin-xalajni lol qoldirmoq va to‘nkafahm mardaklardan o‘z ustunligini isbotlamoq! Tag‘in u kishim rogojinlardan hazar qiladi, mishkinlarni odam siyoqida ko‘rmaydi. Bunaqa benavolar bilan bir stolda o‘tirish ta’bi nozik to‘ramning tarbiyalariga to‘g‘ri kelmaydi. Bu rasamadi po‘rim odam bilan romanning dastlabki sahifalarida uchrashasiz, keyin fransuz markizasining etagidan tutgancha g‘oyib bo‘ladi qoladi. Lekin mutolaa davomida, garchi nomi tilga olinmasa-da, unga uyg‘ongan nafratingni jilovlash borgan sari qiyin kechadi. Xoh Nastasyaning faryodi bo‘lsin, xoh Rogojin o‘kirigi, xoh Mishkinning yurakni achitar ma’yus holati bo‘lsin, hatto go‘zal Aglayaning ko‘z yoshlarida ham davru davronini surib yurgan hurmatli afandim Afanasiy Ivanovichning tavozesini ko‘rasan. Parfyon Rogojin — toskiylar xor qilgan go‘zallikning fojeiy asiri, baxtsiz mardum qotillikka kelguncha Ayol atalmish dardu baloning bor dahshatini ko‘radi, hasratini chekadi, ado bo‘ladi. Go‘zallik xo‘rlanmasin ekan, u xo‘rlandimi tamom, ho‘lu quruq barobar yonadi. Uning uvoli, xuni og‘ir kelarkan. Jannat va jahannam eshigi birdek ochiladi, mezonlar yo‘qoladi, kalomlar unutiladi. Alam alangasida yonayotgan shayton Rahmonga tik boqadi. Darvoqe, Fyodor Mixaylovich “Aka-uka Karamazovlar” romanida yozgan edi: “Go‘zallik nafaqat dahshatli, ayni choqda sirli hodisadir. Bu yerda Xudo shayton bilan olishadi, olishuv maydonlari esa odamlarning qalbi”. Shuning uchun ham Rogojin har qancha vahshiylashmasin kitobxon xuddi Mishkin kabi donishmandona qalb bilan uni kechirib boraveradi. Chunki Parfyon ikki dunyosini ham tikkan mahbubasi Nastasyani emas, buzuq hirsning isyon bo‘lib yonayotgan mash’um oqibatini mahv etadi.

Yana knyaz Mishkinning Rogojinga aytgan gapini ko‘p eslayman. Suhbat din va Xudo mavzusida kechardi. “ Ertalab shaharni aylangani chiqdim. Ichib mast bo‘lib olgan soldat oldimga keldi, egni aftodahol. U “Barin, mana shu kumush xochni ol, sotaman, bittanga; kumush”. Xochni qo‘lida ushlab turibdi, lekin kumush emas, qalay, o‘zi katta, Xochni darrov bo‘ynimga taqdim. Soldat xursand: “Kallasi yo‘q barinni ahmoq qildim,” deb, xochning pulini ichgani qoqvoqxonaga otlandi. O‘zimga–o‘zim, yo‘q, Isoni sotib ichadiganni qoralamay turaman. Ichkilikka mukkasidan ketgan bu sho‘rliklarning yuragida nima bor, yolg‘iz Xudoning o‘ziga ayon”. Ehtimol mehribon farzand, intizomli xodim, faol fuqaro, vafodor yor, yaxshi ota yoki onadirsiz, biroq e’tiqod mohiyatini, HAQIQATning qiymatini bahsbozlikdan, tashviqot ruhidagi va’zlardan yoki basir ko‘z bahosidan izlasangiz go‘zallik, yetuklik hech qachon sizga o‘z ruxsorini ko‘rsatmaydi. Ma’naviy barkamollik tushunchasi siz uchun tabassumnamo salom-aligu, xayr-xo‘shdan o‘zga narsa emas! Qadriyatning ulug‘vor qadrini belgilaydigan mezon — do‘ppi va xonatlas! Haqiqat esa baqir-chaqir tanqidomuz ta’kidligicha qolaveradi. Dostoyevskiy donishmandlikning oliy shartlarini izdihom telba deb kulayotgan va kuyunayotgan Mishkinning ko‘ksida ko‘radi. Knyaz g‘olibga emas, mag‘lubga egilishni bilardi. Olomon hukmiga tashlangan baxtsiz ojizaga yuksak ehtirom bilan qarashni, mazlumani achina-achina sevishni, mazaxga mahkum qariya Ivolginning donkixotcha loflariga toqat qilishni, jaholatni hamdardlik ila inkor etishni faqat miskin yurakli mishkinlar eplaydi. Chunki u go‘zallik dunyoni qutqarishiga ishonardi. Biroq go‘zallikdan mosuvo dunyo axiyri uning o‘zini abgor qildi, pajmurda jon qildi. Vaholanki go‘zallikning o‘zi himoyaga muhtoj ekan….

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting