Chorshanba, 13-Noyabr 2019

Turkiya elchisi Nodira Qodirova ishi bo‘yicha TIVda tushuntirish berdi

0
18
marta oʻqilgan

8-noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Dilshod Axatov Turkiya elchisi Er Mehmet Surayyani joriy yil 23-sentabr kuni Anqara shahrida O‘zbekiston fuqarosi Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq vaziyatga tushuntirish olish uchun taklif qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Togri.uz”

Elchi O‘zbekiston fuqarosi vafotiga olib kelgan fojiali voqea munosabati bilan samimiy hamdardlik bildirgan va hozirgi paytda Turkiyaning tegishli idoralari har tomonlama va sinchkovlik bilan tergov o‘tkazayotganini, ushbu ishga doir barcha holatlar o‘rganilayotganini qayd etgan.

Elchi tergov obyektiv olib borilishi, O‘zbekiston tomoni esa tezkor va muntazam tarzda tergovning borishi va natijalari to‘g‘risida xabardor qilinishini ma’lum qilgan.

Nodira Qodirova 23-sentabr kuni Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati, nafaqadagi general Shirin Unalning uyida to‘pponcha o‘qidan olingan jarohat oqibatida vafot etdi. Hodisadan so‘ng Turkiya prokuraturasi Nodira Qodirova va uning dugonasi Laylo Niyozovani fohishalik qilganlikda aybladi. O‘zbekistonlik qizning o‘limi turli savollarni yuzaga keltirgani bois, Turkiya parlamentining muxolif deputati adliya vaziridan mazkur savollarga javob talab qildi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi turk deputatining uyida o‘lgan Nodira Qodirova bilan bog‘liq vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi.

Deputat Shirin Unal qizning o‘limi bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bir qator o‘zbekistonliklar esa Nodira Qodirovaning qotili jazolanishini talab qilib chiqdi. Turkiya Xalq demokratik partiyasining Istanbuldagi deputati va advokat Zuleyha Gulum Nodira Qodirova o‘limi bo‘yicha aniq dalillar yashirilayotganini ma’lum qildi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting