Abdulloh Tohirovning taqdiri noaniqligicha qolmoqda

0
63
marta oʻqilgan

Soʻnggi kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Abdulloh Tohirov bilan bogʻliq xabarlar tarqalmoqda.

Foto: BBC

Bi-bi-si  oʻzbek xizmati tarqatgan maʼlumotga koʻra, Andijonda 20 yoshli dehqon Abdulloh Tohirov Andijon viloyat IIBB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshligʻi Qahramon Ergashevning mashinasi bilan toʻqnashuvdan soʻng daragi chiqmayapti. IIB xodimi uning yaqinlaridan Bi-bi-siga shikoyat qilmaslikni va yozgan arizasini qaytarib olishni soʻragan.

Yoʻl transport hodisasi sodir etilgan 26 oktyabr kuni ichki ishlar organi xodimlari Abdulloh Tohirovni uyidan ushlab ketishgan.

10 kundan beri Tohirovning qaerdaligi va nimada ayblanayotgani yaqinlaridan sir tutilmoqda.

Otasi Dilmurod Tohirovning Bi-bi-siga aytishicha, oʻgʻli 26 oktyabr kuni ichki ishlar organi polkovnigi Qahramon Ergashev boshqarib ketayotgan mashina bilan yoʻl transport hodisasi sodir etadi.

Afsuski, hanuzgacha huquq-tartibot idoralari tomonidan voqeaga nisbatan rasmiy munosabat bildirilmadi. Bu esa jamoatchilik vakillari, jurnalistlar, bloggerlar noroziligiga sabab boʻlmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda esa #AbdullohQaerda? #AbdullohQayerda?  heshtegi keng tarqalmoqda.

Hozircha faqatgina Yoshlar ittifoqi voqea boʻyicha munosabat bildirdi, xolos.

Unda taʼkidlanishicha, Yoshlar ittifoqi mazkur vaziyat boʻyicha bir necha kun avval oʻrganish ishlarini boshlagan. Bizga maʼlum qilishlaricha, Abdulloh Tohirov ishi bilan Ichki ishlar vazirligi emas, balki boshqa idora shugʻullanmoqda va tez orada bu holat boʻyicha rasmiy maʼlumot beriladi.

“Biz imkonimiz boricha Abdulloh va uning yaqinlariga yordam qoʻlini choʻzishga tayyormiz. Ayni vaqtda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huquqni muhofaza qilish idoralaridan holatga oydinlik kiritish va aniq tafsilotlar olishga harakat qilmoqda.

Biz jarayonning ochiq va shaffof oʻtishi, holat bilan bogʻliq aniq maʼlumotlarning jamoatchilikka tezroq taqdim qilinishini istab qolamiz” – deyiladi ittifoq tarqatgan maʼlumotda.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting