Xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov YTH oqibatida halok bo‘ldi

0
10
marta oʻqilgan

Xorazmlik taniqli jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov 6-noyabr kuni yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda jurnalistning jiyani o‘z Facebook sahifasida xabar berdi.

Foto: Facebook / Davlat Nazar

“Ming afsuslar bo‘lsinki, amakim Davlatnazar Ro‘zmetov 6-noyabr kuni kechqurun avtohalokat oqibatida olamdan o‘tdi”, — deb yozadi Furqat Ro‘zmetov.

Ma’lum qilinishicha, jurnalist bugun, 7-noyabr kuni so‘nggi manzilga kuzatiladi.

Davlatnazar Ro‘zmetov keyingi paytlarda o‘zining shov-shuvli postlari va tanqidiy maqolalari bilan tanilgan edi.

U 2018-yilning oktabrida Qo‘shko‘pir tuman hokimligi binosida o‘tkazilayotgan yig‘ilishga kirib, yig‘ilish ishtirokchilarini rasmga olmoqchi bo‘lganida, tuman hokimi o‘rinbosari yig‘ilishni tugadi, deb e’lon qilgan, keyinroq jurnalistning ushbu qilmishi mayda bezorilik deb topilib, u yetti sutkaga qamalgan edi.

O‘shanda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari jurnalistni faol tarzda qo‘llab-quvvatlagan, Davlatnazar Ro‘zmetov ozod etilganidan so‘ng barcha qo‘llab-quvvatlaganlarga minnatdorchilik izhor etgan edi.

2019-yilning 5-oktabr kuni ham Davlatnazar Ro‘zmetovning hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinroq, Bosh prokuratura jurnalistning hibsga olinganini inkor etdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 6-noyabr kuni yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgan xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovning o‘limi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

6-noyabr kuni soat 23:55 larda fuqaro S.U. o‘zi ishlab kelayotgan korxonasiga tegishli bo‘lgan Gazel rusumli avtomashinani “Urganch-Xiva” yo‘lining 4-kilometrida boshqarib borayotganida, yo‘lni kesib o‘tayotgan “Jamiyat” gazetasi muxbiri Davlatnazar Ro‘zmetovni urib yuborgan.

Natijada Davlatnazar Ro‘zmetov bosh qismidan jarohat olib, voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Urganch tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting