AQSh elektr energiyasi bozorida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirmoqda

0
17
marta oʻqilgan

Amerika Qo‘shma Shtatlari, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali, Markaziy Osiyo mintaqaviy elektr energiyasi bozori (CAREM) kontseptsiyasi va istiqbollariga qaratilgan ikki kunlik seminarni qo‘llab-quvvatladi. Markaziy Osiyoning beshta mamlakatidan kelgan energetika sohasi vakillari ushbu anjumanda ishtirok etib, so‘nggi o‘zgarishlar va ayni paytdagi ustuvor vazifalar haqida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi. Xalqaro ekspertlar esa elektr energiyasi bozorida boshqa mintaqalarda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan eng yaxshi loyihalar xususida taqdimot o‘tkazishdi.

Foto: Toshkentdagi Amerika Qo‘shma Shtatlari Elchixonasi matbuot xizmati

Tadbirda so‘zga chiqqan AQSh elchisi Deniel Rozenblumning ta’kidlashicha, “Mintaqaviy elektr energiyasi bozori nafaqat Markaziy Osiyo xalqlari ehtiyojini qondirish uchun arzon energiya bilan ta’minlaydi, balki u kelgusidagi iqtisodiy o‘sish, energiya xavfsizligi va ijtimoiy taraqqiyot uchun ham zamin yaratadi. Bunday muhit mintaqaviy savdo-sotiqni osonlashtirib, chet el investitsiyasini jalb qiladi”. Tadbir ishtirokchilari mintaqaviy hamkorlik iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni yanada kuchaytiradi, energetika sohasiga sarmoyalarni jalb etadi hamda ishonchli va xavfsiz elektr ta’minotini kafolatlaydi, degan xulosaga kelishdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika vazirliklari va kompaniyalarining yuqori lavozimli vakillari, Xalqaro moliya muassasalari va soha ekspertlari mintaqada elektr energiyasi savdosini kuchaytirishni o‘z oldiga maqsad qilgan ushbu tadbirda ishtirok etdi.

USAIDning Markaziy Osiyo mintaqaviy elektr energiyasi bozori (CAREM) loyihasi 2018-yili tashkil etilgan bo‘lib, mintaqa energetika xavfsizligi va iqtisodiy o‘sishga yordam berish, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida arzon elektr energiyasiga yo‘l ochuvchi platforma sanaladi. Uning asosiy maqsadi barcha mamlakatlar uchun adolatli va izchil bitimlar, ishlash qobiliyatining umumiy andozalari, haqqoniy va hamyonbop narxlar hamda raqobatdosh narxlardagi elektr energiyasidan foydalana olishni ta’minlovchi birlashgan energetika bozorini yaratishdan iboratdir.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting