Xitoy yuksalishining siri nimada?

0
37
marta oʻqilgan

Hozirgi kunda xalqaro hamjamiyat va OAV “osmonosti oʻlkasi“ deb nom taratgan zamonaviy Xitoy Xalq Respublikasi, koʻhna Chin xalqi erishayotgan ulugʻvor yutuqlar toʻgʻrisida koʻp gapirmoqda. Hatto uni 2030-yilga borib AQShni quvib oʻtib, jahonning birinchi raqamli iqtisodiyotiga aylanishi haqida havas va faxr bilan tilga olishmoqda. Baʼzilar esa birinchilikni qoʻldan boy berib qoʻyayotgani sabablimi tashvish, hasad, gʻarazgoʻylik bilan tilga oladi. Toʻgʻri, tarixi uzoq yillarga borib taqaluvchi mazkur davlatning ayni paytdagi yutugʻi, muvaffaqiyatlari katta.

Taʼkidlash joizki, xitoyliklar oʻz muvaffaqiyatlarini Xitoy Xalq Respublikasining asoschilari Mao Tzedun, Chjou En Lay va albatta, yangi Xitoy meʼmori, deb dunyoga tanilgan Den Syaopin kabi shaxslar bilan bogʻlaydi.

Xitoy yalpi mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha Yevropa davlatlari: Germaniya, Angliya, Fransiya, Italiya, Rossiya, Hindistondan va mana hozir hatto AQShdan ham oʻzib ketmoqda. Tarixan qisqa muddatda bunday muvaffaqiyatlar nimalar hisobiga qoʻlga kiritilmoqda, degan savol hammani qiziqtiradi.

Xitoyning soʻnggi 40 yillikda qoʻlga kiritgan yutuqlari zamirida iqtisodiy tizimidagi olib borgan samarali islohotlari turishini bugungi kunda tahlilchilar tan olmoqda. Islohotlar boshlangan yillarda Xitoyda deyarli xususiy korxonalar yoʻq edi. Bugungi kunda ular umumiy ishlab chiqarishning 75 foizini tashkil qilmoqda. Bu mamlakatda nafaqat xususiy mulkchilikka, balki iqtisodiyotning boshqa sohalariga ham munosabat tubdan oʻzgardi.

Avvallari ishlab chiqarish va iste’mol markazlashgan boʻlsa, endilikda ular firma va oilalar qoʻliga oʻtdi. Olib borilgan tub islohotlar natijasida maʼmuriy buyruqbozlik oʻrnini iqtisodiy tashabbuskorlik, bozorga moslashuv, raqobatbordoshlik egalladi.

Bir vaqtlar xalqaro hamjamiyat oldida “Xitoyni kim boqadi?” degan savol paydo boʻlgan edi.

Tahlilchilarning fikricha, “individual tashabbuslarning erkinligi iqtisodiy taraqqiyot omili ekanligini” Xitoydagi islohotlar isbotlab berdi. Hukumat nafaqat sanoatda, balki agrar sohada ham keng qamrovli islohotlar oʻtkazishga qaror qildi. Xitoy jahondagi haydaladigan erlarning 7 foiziga ega boʻlishiga qaramay, yer shari aholisining toʻrtdan bir qismini boqishi kerak. Bir vaqtlar xalqaro hamjamiyat oldida “Xitoyni kim boqadi?” degan savol paydo boʻlgan edi. Oʻshanda Xitoy rahbarlari va qishloq xoʻjalik boʻyicha mutaxassislar “Xitoyliklar oʻzini oʻzi boqa oladi” deb oʻz vaqtida javob qaytarishgani koʻpchilikning yodida boʻlsa kerak. Qishloqlarda islohotlar boshlangan 1978-yildan boshlab Xitoyda agrar soha rivojlana boshladi. Buning samarasi oʻlaroq, bugungi kunda Xitoy gʻalla, paxta, yogʻ-moy, sabzavot-meva, goʻsht, tuxum yetishtirishda jahonda yetakchilik qiladi.

Shuni taʼkidlash kerakki, Xitoy kichik biznesi mayda ustaxonalardan boshlangan. Yillar oʻtib kichik biznes “Xitoy moʻʼjizasi”ni yaratdi. Bugungi kunda Xitoy matbuotining yozishicha, “mamlakatda osmonoʻpar binolar yomgʻirdan keyingi qoʻziqorindek koʻpayib bormoqda”. Eksportga chiqarilayotgan raqobatbardosh mahsulotlarning asosiy qismi aynan kichik biznes korxonalari xissasiga toʻgʻri keladi. Jahondagi elektronika mahsulotlarining katta qismi “Osmonosti mamlakati” korxonalarida yigʻilganini ham tan olish kerak. Jahon aholisi Xitoy mahsulotlari sifatidan qoniqish hosil qilmasada, baribir ularni sotib olmoqda. Shuni eslatib oʻtish kerakki, mamlakatda arzon, shu bilan birga sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish qoʻllab-quvvatlanmoqda. Buning natijasida jahonning har bir mamlakatida Xitoy mahsulotlarini uchratish mumkin. Koʻpchilik italyan poyabzali, ingliz kastyum-shimi, shveytsariya soatidan foydalanishidan faxrlanishi mumkin. Biroq faxrlanishga (toʻgʻrirogʻi, maqtanishga) shoshilish kerak emas.

Agar diqqat bilan qaraydigan boʻlsak, (Afrika, Avstraliya, Yevropa yoki Amerikada boʻladimi) dunyoning har bir mintaqasida istiqomat qiluvchi oilalarning dasturxonidagi mahsulotlardan tortib maishiy turmushda ishlatilayotgan buyum va jihozlarning hammasida “Made in China” tamgʻasini koʻrishimiz mumkin. Xitoyda jahondagi mashhur brendli mashinalarga oʻxshash avtomobillarning ishlab chiqarilayotganiga ham tan berish kerak. Toʻgʻri, hozircha Xitoyda ishlab chiqarilayotgan avtomashinalar sifati yapon, nemislarniki darajasiga yeta olmagan, biroq xitoylik mutaxassislar qoʻlni qovushtirib, xotirjam oʻtirishayotgani yoʻq. Bu mamlakat tadbirkorlari jahonda yangi paydo boʻlgan har qanday mahsulotni ishlab chiqarishni oʻzlashtirib olishni oʻz oldilariga maqsad qilib qoʻyishgan.

Xitoy kichik biznesi mayda ustaxonalardan boshlangan

Ekspertlar Xitoydagi iqtisodiy taraqqiyotga baho berishar ekan bunga mamlakat aholisining milliy mentaliteti asosiy omil boʻlayotganini taʼkidlashmoqda. Chunki, mehnatni iqtisodiy farovonlik omili bilan bir qatorda milliy qadriyat deb bilgan xitoyliklar oʻzlarining tadbirkorliklari va mehnatsevarliklari bilan fahrlanishadi. Tarixiy manbalarda “Osmonosti” davlati deb tilga olingan qadimiy Chin mamlakati xalqining tadbirkorligi, ishbilarmonligi, mexnatsevarligi va qolaversa, xukumatning har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi bilan chinakamiga osmonga chiqdi.

Oʻtgan asrning 60-yillaridagi “katta sakrash” va “madaniy inqilob” tufayli 1976-yil soʻngiga kelib, Xitoy chuqur iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Xitoy matbuoti yozganidek, 1966-1976-yillar mamlakatni ortga uloqtirib tashlagan “yoʻqotilgan oʻn yilliklar” davri boʻldi. Mamlakat iqtisodi butunlay tanazzulga uchragan, yuz minglab aholi qashshoqlikda hayot kechirardi. 1978-yilda import mahsulotlarini xarid qilish uchun ham valyuta yetishmas edi. Texnologiya boʻyicha Xitoy rivojlangan mamlakatlardan bir necha oʻn yil ortda qolib ketgan edi. Aholisining 70 foizi qishloqlarda istiqomat qilardi. Ularning daromadi yashab qolishgagina yetardi. Qoʻshimcha mablagʻ topish qat’iyan man qilingan edi.

Mamlakatning “buyuk ilhomchisi” Mao Tzedun (1976-yil sentabrda) vafot etganidan soʻng hokimiyatga Xua Gofen keladi. U Mao Tzedun siyosatini davom ettirishini aytadi. Shu bilan birga rahbariyat ichida pinhona kurash boshlandi. Oxir oqibat Den Syaopin boshchiligidagi pragmatiklar gʻalaba qozonadi. 1977-yilning iyunida Den Syaopin rahbarlik lavozimlariga saylanadi. U partiya raisi oʻrinbosari, Harbiy Kengash raisining oʻrinbosari, Xitoy Xalq Ozodlik armiyasi Bosh shtabining boshligʻi, XXR Davlat kengashi raisining oʻrinbosari lavozimlarni egallaydi. 70-yillarning oxiriga kelib Den Syaopin amalda partiya va mamlakat yetakchisiga aylanadi.

Uning gʻoyasi boʻyicha toʻrt yoʻnalish – qishloq xoʻjaligi, sanoat, armiya hamda fan va texnika tubdan isloh etilishi kerak edi. 1978-yilning 22-dekabrida tarixiy qaror qabul qilinadi – Den Syaopin va uning hammaslaklarining tashabbusi qoʻllab quvvatlanadi hamda “proletariat diktaturasi ostida inqilobni davom ettirish” gʻoyasidan voz kechiladi. Shu tariqa mamlakatda keng qamrovli modernizatsiya jarayonlari boshlanadi. Unga koʻra, yangi “islohatlar va ochiqlik” siyosati tasdiqlanadi.

Shu tariqa xorijiy kapitallarni jalb qilish, fan-texnika yutuqlaridan samarali foydalanish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga eʼtibor kuchaydi. “Hozirgi dunyo – keng aloqalar dunyosidir. Xitoy yopiqligi tufayli ham oʻtmishda qoloq edi. XXR tashkil etilgandan soʻng bizni yakkalab qoʻyishdi. Shuningdek, bizning oʻzimiz ham yopiq edik. 30 yillik tajribamiz yopiq eshiklar ortida qurilishni amalga oshirib boʻlmaslikni, taraqqiyotga erishib boʻlmaslikni koʻrsatdi”, degan edi Den Syaopin. Shunda u “oqmi, qorami – rangining farqi yoʻq, mushuk boʻlsin – sichqon tutsin”, degan edi.

Zarur siyosiy sharoitlar yaratilganidan soʻnggina Den Syaopin keng qamrovli islohotlarni hayotga tatbiq etishga muvaffaq boʻldi. Den Syaopin Xitoy voqeligidan kelib chiqqan holda rejali iqtisoddan bozor iqtisodiyotiga oʻtish nazariyasini ishlab chiqdi. Shu sababli ham uni Xitoy islohotlarning buyuk otasi deya taʼriflashadi. Xitoyning avvalgi va hozirgi rahbarlari Den Syaopin gʻoyalariga sodiq ekanliklarini aytishadi.

Oʻtgan asrning 50-yillarida Den Syaopin va Mao Tzedun Xitoy taraqqiyoti borasida koʻp bahslashgan. Mao “katta sakrash” siyosatini ilgari surar va zamonaviy texnologiyalarni ishlatmasdan aholini keng jalb qilgan, ammo xususiy tadbirkorlardan voz kechgan holda iqtisodiyotni yuritish lozimligini aytardi. Bu nazariyaga Den Syaopin qarshi chiqqani bois ham surgun qilinadi. Keyinchalik hokimiyatga qaytgan Den qishloq xoʻjalik kommunallarni bekor qiladi va Xitoyni toʻlaligicha oʻzini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlaydigan davlatga aylantiradi. Den Syaopin atigi bir marta Maoni tanqid qilar ekan, xatolarga yoʻl qoʻygan “buyuk markschi, proletar inqilobchisi” deya atagan. Boshqa u haqda tanqidiy fikrlar bildirmagan. Shu tariqa oʻtmishga nuqta qoʻygan Syaopin gʻarb mamlakatlari bilan muloqotlarni yoʻlga qoʻydi va iqtisodiyotni koʻtarishda Yaponiya tajribasidan foydalanishni tavsiya qildi.

1979-yilda Den Syaopin AQShga tashrif buyurdi va Oq uyda prezident Jimmi Karter bilan uchrashdi, moliyachilar bilan Xitoyni qanday qilib modernizatsiya qilish va sanoati rivojlangan mamlakatga aylantirish masalasida maslahatlashuvlar oʻtkazdi. Qiyinchilik va qarama-qarshiliklarga qaramay Xitoy belgilangan yoʻldan ogʻishmay olgʻa yurdi. Sohil boʻyida joylashgan shaharlar sanoati gullab yashnagan markazlarga aylandi. Bu esa mamlakatning rivojiga omil boʻldi. Maxsus iqtisodiy zonalar soni ortib bordi, yuqori va yangi texnologiyalar zonalariga ham katta eʼtibor qaratildi.

Den Syaopin shiorlarga oʻch emas edi. Uning shiori bitta: “odamlar oʻtgan yilga nisbatan bu yil yaxshiroq yashasin”, edi. Islohatlar shu qadar donishmandlik bilan olib borildiki, odamlar yildan yilga bir yil avvalgiga nisbatan yaxshiroq yashay boshladi. Bundan rozi boʻlgan xitoyliklarning aytishlaricha, hozirgi hayotlaridan rozidirlar. Den Syaopin islohotlar oʻtkazar ekan bir narsani – u ham boʻlsa markaziy xokimiyatni boʻshashtirmaslikni anglab etdi. Islohotlar shoshma-shosharlik bilan emas, yetti oʻylab bir kesgan holda olib borildi. Den Syaopin Xitoyni buyuk davlatlar qatoriga olib chiqishni orzu qilardi va bu orzusiga erishdi. Ayni damda Xitoy zamonaviy sanoati tezlik bilan taraqqiy etayotgan, fan va madaniyati rivojlangan mamlakat deya tan olingan.

Dilshod Ibroximov, Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti tadqiqotchisi

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting