O‘zbekistonda Carrefour supermarketlar tarmog‘i ochiladi

0
26
marta oʻqilgan

Yaqin ikki yil ichida Toshkent shahrida xalqaro brenddagi Carrefour super va gipermarketlar tarmog‘i ochiladi. Bu haqdagi kelishuv 28-oktabr, dushanba kuni Dubayning Majid Al Futtaim kompaniyasi va Akfa Group o‘rtasida imzolandi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.

Foto: “majidalfuttaim.com”

Majid Al Futtaim kompaniyasi tomonidan ma’lum qilinishicha, birinchi bosqichda yettita, shu jumladan, 2020-yilda uchta supermarket va bitta gipermarket, 2021-yilda esa ikkita supermarket va bitta gipermarket ochish rejalashtirilmoqda. Ular Akfa Group’ga tegishli umumiy maydoni 17,4 ming kvadrat metr bo‘lgan obyektlarda joylashadi.

Akfa Group’ning chakana savdo bo‘yicha bo‘linmasi hisoblangan Atlas rahbari Alisher Abduvohidovning qayd etishicha, Majid Al Futtaim bilan muzokaralar 2017-yilning fevral oyidan buyon olib borilgan. Uning ishonch bildirishicha, Carrefour tarmog‘ining ochilishi xalqaro standartlarning joriy qilinishi va mahsulotlar sifatining oshishi hisobiga O‘zbekistonda chakana savdoning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Carrefour’ning O‘zbekistondagi dastlabki ikki yillik faoliyati davomida qariyb 2500 ta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Supermarketlar tarmog‘i xaridorlarga qariyb 40 ming nomdagi mahsulotni taklif qiladi va mamlakat bo‘ylab 600 dan ortiq mahalliy yetkazib beruvchilar, ishlab chiqaruvchilar va fermerlar bilan ishlaydi.

Majid Al Futtaim BAAdagi eng yirik kompaniyalardan biri bo‘lib, Carrefour fransuz brendini franchayzing asosida 37 ta mamlakatda boshqaradi va 15 ta mamlakatda mazkur tarmoqning 285 dan ortiq do‘koniga ega. Joriy yilda Uganda va O‘zbekistonda supermarketlar ochilishi bilan bu raqam 17 taga yetadi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting