Donald Tramp: «Dunyo yanada xavfsizroq boʻldi»

0
23
marta oʻqilgan

AQSH prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni “Islom davlati” guruhi yetakchisi Abu Bakr al-Bagʻdodiy Suriyaning Idlib viloyatida oʻtkazilgan maxsus operatsiya natijasida yoʻq qilingani xabarini berdi. Donald Trampning bu boradagi bayonoti Oq uy veb-saytida eʼlon qilindi.

Foto: whitehouse.gov

“Kecha Amerika Qoʻshma Shtatlari dunyoning birinchi raqamli terrorchisini adolat qoʻliga topshirdi. Abu Bakr al-Bagʻdodiy vafot etdi. U dunyodagi eng shafqatsiz va berahm terrorchilik tashkilotining asoschisi va rahbari edi”, — dedi AQSH prezidenti.

Uning soʻzlariga koʻra, AQSH Bagʻdodiyni koʻp yillardan beri qidirayotgan edi. “Bagʻdodiyni qoʻlga olish va yoʻq qilish mening milliy xavfsizlik sohasidagi boshqaruvimning eng muhim ustuvor vazifasi edi. AQSH maxsus operatsion kuchlari ushbu vazifani bajarish uchun Suriyaning shimoli-gʻarbiy qismida xavfli va mardonavor tungi hujumni oʻtkazdi”, — dedi u.

Donald Tramp Amerika Qoʻshma Shtatlari operatsiya davomida birorta ham askarini yoʻqotmagani, Bagʻdodiy bilan birga koʻp sonli jangarilar va sheriklari yoʻq qilinganini taʼkidladi. ID yetakchisi chiqish iloji boʻlmagan tunnelda “yigʻlab, faryod urib va qichqirgancha” oʻldirildi, dedi u. Bu vaqtga kelib terrorchi joylashib olgan bino allaqachon boʻsh edi: uning ichidagi odamlarning bir qismi oʻldirildi, qolganlari taslim boʻldi. Uydan 11 bola olib chiqildi. Uch nafar bolani esa Bagʻdodiy oʻzi bilan “oʻlim changalida” olib qoldi.

AQSH prezidenti Bagʻdodiy oʻzini oʻzi portlatganini aytdi. Uning shaxsini aniqlash uchun oʻsha joyda DNK tahlili oʻtkazildi. Amaliyot yakunlari boʻyicha AQSH harbiylari binoda ikki soat davomida qolib, “juda qimmatbaho materiallar va maʼlumotlarni” qoʻlga kiritgan.

Donald Tramp operatsiya boshqa davlatlar — Rossiya, Turkiya, Suriya va Iroq, shuningdek, suriyalik kurdlarning yordamisiz amalga oshirib boʻlmasligini taʼkidladi.

“U qadar azob-uqubat va oʻlimlarga sabab boʻlgan shafqatsiz qotil zoʻrlik bilan yoʻq qilindi — u endi hech qanday begunoh erkak, ayol va bolaga zarar yetkazmaydi. U itday oʻldi. U qoʻrqoq kabi oʻldi. Dunyo endi ancha xavfsiz boʻldi”, — deya xulosa qildi AQSH prezidenti.

Al-Bagʻdodiy (haqiqiy ismi Ibrohim Avad Ibrohim al-Badriy) Islom davlatining rahbari sifatida 2014 yilda Yaqin Sharqda “Islomiy xalifalik” tashkil etilganini eʼlon qilganida tanilgan edi. Avval ham uning yoʻq qilingani haqida bir necha bor xabar berilgan.

RIA Novosti xabariga koʻra, Rossiya Mudofaa vazirligi AQSH harbiy xizmatchilari tomonidan Bagʻdodiyni yoʻq qilish uchun amaliyotlar oʻtkazilgani toʻgʻrisida ishonchli maʼlumotlarga ega emas. Bundan tashqari, Mudofaa vazirligining taʼkidlashicha, Rossiya Amerika aviatsiyasining Suriya havo hududiga oʻtishini qulaylashtirganidan xabardor emas.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting