O‘zXDP g‘alaba qozongan taqdirda, Ochilboy Ramatov nomzodini bosh vazir lavozimiga ilgari surishini ma’lum qildi

0
29
marta oʻqilgan

Dekabrdagi saylovlarda g‘alaba qozongan taqdirda, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Ochilboy Ramatovni mamlakat bosh vaziri lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatmoqchi. Bu haqda O‘zXDP raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Vafoyev juma kuni «Yuksalish» Umummilliy harakati idorasida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida aytib o‘tdi.

«Gazeta.uz» O‘zXDP matbuot xizmatidan hozirgi kunda bosh vazirning birinchi o‘rinbosari va transport vaziri bo‘lgan Ochilboy Ramatov partiyaga asos solingan 1991 yildan beri uning a’zosi ekanini aniqlashtirib oldi.

«Milliy tiklanish», «Adolat» va Ekologik partiyalar muxbirining savollariga javob berar ekan, hukumat rahbari lavozimiga munosib nomzodlar zaxirasiga ega ekanini, ammo saylovlarda g‘alabaga erishgunga qadar ularning ismlarini oshkor qilishdan bosh tortishdi.

Amaldagi bosh vazir Abdulla Aripovning nomzodi 2016 yil 12 dekabrda Liberal-demokratik partiyasining (O‘zLiDeP) qurultoyida ko‘rsatilgan va 14 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida ma’qullangan edi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 98-moddasiga binoan, bosh vazir nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.

Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga deputatlar saylovi 22 dekabrda bo‘lib o‘tadi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting