Ortiqxoʻjayevga xat: Toshkenda “Tafakkur”ga joy yoʻq…mi?

0
110
marta oʻqilgan

Jamiyatda fikr erkinligi oʻsib borayotgan bugungi kunda rahbarlarga ijtimoiy tarmoqlar orqali omma oldida murojaat qilish holatlari kuzatilmoqda. Bu albatta yaxshi. Adabiyotshunos Alisher Nazarning Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevga murojaatida ham dolzarb mavzu tilga olingan. Quyida murojaatning toʻliq matnini havola etamiz.

krp 084

“Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev diqqatiga!

TOSHKENDA “TAFAKKUR”GA JOY YOʻQ…MI?

Bugun oʻzini Katta Adabiyotga, sanʼatga daxdorman deb biladigan ziyoli odam bitta jurnalni oʻqiydi: “TAFAKKUR“! Shuning uchun ham bu jurnalning adadi kamroq… Bugungi ahvolimizda bundan ortiq boʻlishi ham mumkin emas. Jurnal Bosh muharriri koʻzimizga surtgan yozuvchimiz – Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam.

Bugun shu jurnalning aniq manzilini kim biladi? Hech kim! Chunki “Tafakkur“ yil davomida koʻhna va navqiron poytaxtni aylanib yuradi. Toshkentdek shahri azimda “Tafakkur“ga muqim bir joy yoʻq! Surishtirib kelsa, shu jurnal millat uchun shohning saroyidek idoralarda oyoq chalishtirib oʻtirgan mafkurachilarning qilayotgan ishidan koʻproq foydalidir. Lekin buni kim koʻradi? “Tafakkur“ jurnalining qanchalik qiyin sharoitda nashr qilinayotganini Prezident devonidagilar ham, Vazirlar Mahkamasidagilar ham, sal pastroqdagi idoralar ham yaxshi bilishadi. Bilmasligi mumkin emas! (Agar bilmayotgan boʻlishsa, bu yanada achinarlidir). Lekin hech biri “hoy, holing qalay?“ demaydi. Vaholanki, “Tafakkur“ shu xalq uchun, shu millat uchun kerak! Axir “Tafakkur” jurnali darajasidagi nashrlarni oʻz holiga tashlab qoʻyib boʻlmaydi.

Shu kichkinagina xatimizni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev ham oʻqib qolsalar yaxshi boʻlardi. Milliardlagan pullarga Sitilar qurilayotgan bir davrda millat ziyolilarining yuzi boʻlgan “Tafakkur” jurnali oʻziga joy topolmay yursa, uyat!”

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting