Elmira Bekmurodova Energetika vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘ldi

O‘zbekiston Energetika vazirligining Axborot xizmatining boshlig‘i Elmira Bekmurodova vazirning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi lavozimiga tayinlandi va bunda o‘zining avvalgi lavozimini saqlab qoladi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, qator davlat tashkilotlari rahbarlariga ham axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchilar tayinlandi.

O‘zbekiston Adliya vazirligining Axborot xizmati boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva vazirning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi lavozimiga tayinlandi va bunda o‘zining avvalgi lavozimini saqlab qoladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Feruza Madrahimova inspeksiya boshlig‘ining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi lavozimiga tayinlandi va bunda o‘zining avvalgi lavozimini saqlab qoladi.

Anvar Suyunov Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi etib tayinlandi.

Shuningdek, qo‘mita raisining 2019-yil 3-iyul hamda 29-iyulda qabul qilingan qarori bilan qo‘mita boshqaruv apparati tuzilmasiga belgilangan umumiy shtat birligi va mehnat haqi fondi doirasidan chiqmagan holda o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, qo‘mita axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi hamda ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan aloqalar, veb-resurslar va ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimlari joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi axborot siyosati masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi maslahatchisi maqomiga ega bo‘lib, mehnatga haq to‘lash va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra, qo‘mita raisining o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Mehribon Mametova “Hududgazta’minot“ AJ matbuot kotibi, boshqaruv raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi.

Lavozimga tayinlov O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xulosasiga ko‘ra amalga oshirildi.