Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarda yoshlar huquqlari to‘g‘risida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi

0
6
marta oʻqilgan

Kuni kecha Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo‘lida yoshlar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi 6-seminari bo‘lib o‘tdi.

Foto: Korrespondent.uz

Seminarning ikkinchi kuni komissiya a’zolari anjumanning yakunlovchi hujjati loyihasini muhokama qildi. Xalqaro anjuman yalpi majlisida IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Akmal Saidov taqdim etgan yakuniy hujjat – Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarda yoshlar huquqlari to‘g‘risida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

Toshkent deklaratsiyasida xalqaro darajada va IHTga a’zo mamlakatlar tomonidan yoshlar huquqlarini to‘la ta’minlash yo‘lida kelgusida amalga oshiriladigan muhim tashabbuslar bayon etilgan. Anjuman doirasida IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi 6-seminari yakunlariga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi ijrochi direktori Marg‘ub Salim But, komissiya raisi o‘rinbosarlari doktor Rashid bin Hamid al-Balushiy va Adama Nana Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjuman yakunlari yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillariga axborot berdi.

Jami 150 nafar vakil qatnashgan yillik seminarning yalpi majlisida xalqaro va milliy mutaxassislar qatorida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxanova ham “O‘zbekistonda yoshlar huquqlari” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashdi. Unda mamlakatimiz 80 dan ortiq asosiy xalqaro hujjatlar va Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha o‘nlab asosiy xalqaro shartnomalariga qo‘shilgani,
O‘zbekistonning yoshlarga oid siyosati O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 14- sentyabrda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida” gi qonuni asosida olib borilayotgani haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Munozaralarda IHT komissiyasi a’zolari, tashkilotga a’zo davlatlar va inson huquqlari bo‘yicha institutlar vakillari ishtirok etdi. Qatnashchilar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konventsiyasini qabul qilish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Islom ta’limoti va xalqaro inson huquqlari me’yorlariga muvofiq, yoshlar huquqlarini teran idrok etishni rag‘batlantirish uchun tashkilotga a’zo davlatlar va IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting