O‘zbekistonda non narxi 40—45 foizga oshadi

0
30
marta oʻqilgan

O‘zbekiston hukumati bug‘doy va un narxini liberallashtirishga qaror qildi. Endilikda davlat fermerlardan va donni qayta ishlash korxonalaridan don sotib olish narxini sun’iy ravishda ushlab turmaydi. Natijada yaqin vaqt ichida nonning narxi 1500 so‘mga oshishi kutilmoqda, deya xabar berdi “Togri.uz”.

foodnews 5-1
Foto: Food News Time

Davlat xaridlari bo‘yicha fermerlarning g‘allasiga past narx belgilanishi, uning arzon bahoda sotilishi fermerlar va don korxonalariga iqtisodiy zarar keltirmoqda, bu holat g‘alla hosildorligini oshirishga rag‘batlantirmasligini aytib, Oliy Majlis va hukumatga murojaat qilgan edi.

Shuningdek, davlat donni qayta ishlash korxonalarini fermerlardan 1 kilogrammi 1430 so‘m bug‘doy sotib olishga, keyin ishlab chiqarilgan unni davlat narxida – 1 kilogrammi 1400 so‘mdan sotish bo‘yicha majburiyat yuklagan. Don narxining ko‘tarilishi evaziga, korxonalar zarar ko‘radi va fermerlar bilan hisob-kitob qila olmaydi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fermerlarning don narxini oshirish bo‘yicha qilgan murojaatini o‘rganib chiqish uchun ishchi guruh tuzilgani aytilgandi. O‘rganish natijasida narxni liberallashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi kutilgan.

Shuningdek, davlat narxida un ishlab chiqaruvchilarning aytishicha, ayni vaqtda unning 1 kilogrammi tannarxi 2200—2400 so‘mni tashkil qiladi. Biroq ular unni 1400 so‘mdan sotish majburiyatini olgan.

Un narxining liberallashtirilishi natijasida unning bir kilogrammi narxi 2000—2500 so‘mgacha ko‘tarilishi mumkin. Non ishlab chiqaruvchilarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, non narxi 40—45 foizga oshishi mumkin. Hozirda buxanka nonning ulgurji narxi 1000 so‘mni tashkil qiladi. Do‘konda esa 1100 so‘mdan sotilmoqda.

“Hukumat don va un narxini liberallashtirishga qaror qildi. Ha, bu buxanka nonnining 1500 so‘mgacha oshishiga olib keladi. Ammo budjet kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarning xarajatlarini qoplaydi – ular qariyb 2 million kishini tashkil qiladi. Har bir oilaga har oyda non sotib olish uchun 50 ming so‘mdan mablag‘ ajratiladi”, — deyiladi xabarda.

Hozirda hukumat non uchun sarf-xarajatlarni qoplash uchun oyiga qariyb 1,6 million kishiga 22,5 ming so‘m to‘lamoqda. Kompensatsiya narxini 50 ming so‘mga oshirishga qaror qilingan. Shuningdek, ko‘p bolali oilalar (3 dan ortiq bolali oilalar) uchun kompensatsiya berishga kelishilgan. Shu tariqa kompensatsiya oladigan odamlar soni 1,9—2 millionga yetadi.

Eslatib o‘tamiz, nonning narxi oxirgi marta 2018-yil sentabr oxirida 1100 so‘mga ko‘tarilgandi. Bundan oldin non narxi qariyb 5 yil davomida 600 so‘m qilib ushlab turilgandi. O‘zbekistonda mahalliy undan qolipli non ishlab chiqaruvchilar 2020-yilning 1-iyulidan QQSdan ozod etilgan.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting