Markaziy bank xususiy valyuta ayirboshlash shoxobchalarining mavjud emasligiga izoh berdi

0
10
marta oʻqilgan

Oliy Majlis Senatining 23-yalpi majlisida nima uchun O‘zbekistonda xususiy valyuta ayirboshlash shoxobchalari mavjud emasligi masalasi ko‘tarildi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.

Foto: “Gazeta.uz”

Senatorlar tomonidan ma’qullangan yangi tahrirdagi “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga ko‘ra, rezidentlar va norezidentlar tomonidan xorijiy valyutani sotib olish va sotish faqat O‘zbekiston banklari orqali amalga oshiriladi.

Xabar berilishicha, senator Gulchehra Rixsiyeva nima uchun xususiy ayirboshlash shoxobchalariga xorijiy valyutani sotish va sotib olish bilan bog‘liq operatsiyalar bilan shug‘ullanish huquqi berilmagani masalasini ko‘targan.

“Ko‘plab mamlakatlarda xorijiy valyutani sotish va sotib olish bilan xususiy ayirboshlash shoxobchalari shug‘ullanadi, bizda esa bu faoliyat bilan shug‘ullangan ba’zi fuqarolarning javobgarlikka tortilish holatlari uchraydi. Savol: bu faoliyatni qonuniylashtirish vaqti kelmadimi? Ruxsatnoma olgan holda, soliq to‘laydigan xususiy ayirboshlash shoxobchalarining ishlashiga qanday qaraysiz? Yoki ularning mavjud emasligiga boshqa sabablar bormi?” — deya savol bergan senator.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bobur Abubakirovning so‘zlariga ko‘ra, qonunni ishlab chiqish jarayonida bu masala ko‘p marta muhokama qilingan. Markaziy bank xususiy ayirboshlash shoxobchalari joriy qilingan Rossiya va Tojikiston tajribasini o‘rgangan.

Bobur Abubakirovning ta’kidlashicha, bu amaliyot o‘zini oqlamagan, ya’ni xususiy sektorga valyuta sotish va sotib olish operatsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha huquq berish vakolatni suiiste’mol qilish holatlariga olib kelgan. Soxta valyutalarni sotish, noreal kurslarni o‘rnatish, asossiz ravishda komission to‘lovlar olish — shular jumlasidan. Oxir oqibatda bundan aholi zarar ko‘rgan.

Markaziy bank raisi o‘rinbosarining qayd etishicha, valyuta ayirboshlash operatsiyalari bilan banklar shug‘ullanishining asosiy sababi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legalizatsiya qilishga qarshi kurash va uni nazorat qilish hisoblanadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, shu sababli, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, xorijiy valyuta oldi-sotdisining faqat banklar tomonidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Joriy yilning yanvar oyida valyutaning noqonuniy savdosi uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirilgan edi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting