Qarshi tumanidagi maktabda dars asfalt ustida o‘tkazilgan. Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri buni hozircha rad etmoqda

0
4
marta oʻqilgan

Ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki Qashqadaryoning Qarshi tumanidagi 6-maktab o‘quvchilari maktab hovlisida dars o‘tayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhida qoldirilgan xabarga ko‘ra, maktabda sinfxonalar yetishmasligi sabab ingliz tili darsi hovlida o‘tilgan.

Foto: Facebook / “Potrebitel.uz”

Qarshi tumanidagi maktablardan birining direktori “Daryo”ga ma’lum qilishicha, hududdagi ushbu maktab 1000 o‘rinli bo‘lib, unda tahsil oluvchi o‘quvchilar soni 1 800 nafardan oshib ketgan. Mazkur maktabda ishlovchi o‘qituvchilardan birining “Daryo”ga tasdiqlashicha, foto va videodagi o‘qituvchi shu maktabda ingliz tili fanidan dars beradi.

Ma’lum bo‘lishicha, maktab hovlisida haqiqatan ham ingliz tili fani o‘qitilgan. Ismi-sharifi Dilafruz Hasanova ekanligi aytilgan o‘qituvchi, ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiriga ushbu holatni izohlamoqda.

“Daryo” muxbiri vaziyatga izoh olish maqsadida Qarshi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri bilan bog‘landi. “Hozir shu holatni o‘rganayapmiz. Ammo video hamda rasmdagi holat bizning maktabda emas. Yolg‘on ma’lumot berilyapti”, — deb aytgan bo‘lim mudiri Meyli Boqiyev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda.

Avvalroq Zarafshondagi 2-maktabda 4-sinf o‘quvchilari, Farg‘onada esa 24-maktabda 1-sinf o‘quvchilari polda o‘tirgani, Sho‘rchida esa Surxondaryo viloyat ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni o‘qitishga ixtisoslashgan maktab-internatida o‘quvchilar polda yotgani aks etgan fotosuratlar tarqalgan edi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting