Iroqdan O‘zbekistonga 64 nafar bola olib kelindi

0
15
marta oʻqilgan

Iroq davlatidan qaytgan 64 nafar bolalar payshanba kuni Toshkent mahalliy aeroportida kutib olindi, ma’lum qildi UzA.

O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, maxsus tuzilgan ishchi guruh tomonidan Iroq davlati hukumati va YUNISEF xalqaro bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda Iroq davlati hududida og‘ir sharoitda qolayotgan 64 nafar bolani respublikaga qaytarishga muvaffaq bo‘lindi.

«Mehr 2» deya nomlangan mazkur insonparvarlik operatsiyasi doirasida yurtimizga olib kelingan 39 nafar o‘g‘il va 25 nafar qiz bolalarning orasida 14 nafar 3 yoshgacha bo‘lgan hamda 2 nafar ota-onasidan ayrilgan bolalar bor.

Ishchi guruh tomonidan ayni paytda turli xil xalqaro terroristik tashkilotlarga a’zo bo‘lib, o‘zga davlatlar fuqarolarining tinchligi va osoyishtaligiga tahdid solganliklari uchun Iroq davlatida 10−20 yil muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan yoki umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan o‘zbekistonlik ayollar bilan tegishli suhbatlar o‘tkazildi va farzandlarini O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha ularning roziliklari olingan.

Ta’kidlash lozimki, ushbu ayollar turmush o‘rtoqlarining ayrimlari ayni paytda xalqaro terroristik tashkilotlar safida qolayotgan bo‘lsa, bir qismi jangovar harakatlar davomida ayanchli o‘lim topishgan, qolganlari esa Iroq va Suriya qamoqxonalarda jazo o‘tashmoqda.

«Afsuski, to‘g‘ri yo‘ldan adashib, boshqa davlatlar orqali «urush o‘choqlari»ga borib, xalqaro terroristik tashkilotlar saflariga qo‘shilgan oilalarning farzandlari ruhiy va jismoniy qiyinchiliklarga duch kelishgan», — deya xabar qildi UzA.

Endilikda bolalar barcha qulayliklarga ega bo‘lgan sog‘lomlashtirish muassasasiga joylashtirilishi kutilmoqda. Mutaxassislar ularga har tomonlama tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatishlari ko‘zda tutilgan. Sihatgohda bolalar uchun issiq ovqatlar tashkil etilib, ularga yangi kiyim-kechaklar berilishi aytilmoqda.

Shuningdek, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish, homiylar va vasiylarga biriktirish hamda bog‘cha, maktablarga joylashtirish masalalari ham hal etilmoqda.

Amalga oshirilayotgan «Mehr» insonparvarlik aksiyasi kelgusida ham davom etadi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting